“Xalqaro qizlar kuni” keng nishonlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida xotin-qizlar kengashi tomonidan “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Dunyoni tinchlik va ezgulikka ilhomlantiramiz!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda professor-o‘qituvchilar, faol talabalar va qizlarning ota-onalari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktabr “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu sanani BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalari keng nishonlashi an’anaga aylangan. Shu kuni dunyo bo‘ylab qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni kengroq o‘rganish tavsiya etiladi. Shuningdek, qizlarning kamsitilishi bo‘yicha og‘riqli muammolar tilga olinadi. Xalqaro Qizlar kuni jamoatchilik e’tiborini qizlar duch keladigan muammolarni hal qilishga qaratishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani “Xalqaro qizlar kuni” bilan samimiy qutlab, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlarga to‘xtalishdi. Shuningdek, universitetda xotin-qizlar kengashining faoliyati, iqtidorli qizlar erishayotgan yutuqlar, qizlarning faolligini oshirish, ularni ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida qayd etildi.

Tadbir davomida o‘z farzandlarini ta’lim-tarbiya jarayonida faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgan bir guruh qizlarning ota-onalariga universitet rektorati tomonidan minnatdorlik xatlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri iqtidorli yoshlar tomonidan tayyorlangan rang-barang konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri