Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashda sun’iy intellekt
Bugungi kunda saraton kasalliklarining oldini olish, ularni erta aniqlash va samarali davolash dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Bu borada mamlakatimizda ham tegishli huquqiy asoslar qabul qilinib, muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi Alisher Azizov ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash va tahlil qilishda sun’iy intellekt imkoniyatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti saraton kasalliklari, shu jumladan ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash muhimligini ta’kidlaydi. Bu borada mammografiya tasvirlarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatlari nafaqat texnologiya, balki tibbiy xizmatni tashkil etish nuqtai nazardan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda bu yo‘nalishda Prezidentning 2024-yil 22-noyabrdagi tegishli qarori bilan 2025-2030-yillarda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturini amalga oshirish belgilangan. Unga muvofiq, 30-65 yoshdagi ayollar har ikki yilda bir marta birlamchi saralashdan o‘tkazilishi, ko‘krak bezi tekshiruvi 45 yoshgacha ultratovush diagnostikasi, 45-65 yoshda esa mammografiya orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Hujjatda hududlarda olingan tasvirlarni yagona tizimga integratsiya qilish uchun Mammografiya tasvirini o‘qish markazini tashkil etish, skrining natijasida onkologik kasallik aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish belgilangan. Mazkur tizimning raqamli infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi «screening.mammo.uz» platformasida mammografiya tasvirlarini markazlashgan tarzda ko‘rib chiqish va saqlashga xizmat qiluvchi axborot tizimi ishga tushirilganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-iyuldagi qarorida mammografiya asosida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyasini joriy etish alohida loyiha sifatida nazarda tutilgan. Hujjatda tizimni 2026-yil oktabrda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya markazi va «Darmon Servis» xususiy klinikasida sinov tariqasida, dekabrda esa to‘liq ishga tushirish muddatlari belgilangan.
Xorij tajribasi mazkur jarayonlarni qanday samarali tashkil etish mumkinligini ko‘rsatadi. Meksikada davlat xizmatchilariga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ISSSTE instituti 2026-yil 2-iyunda mammografiya tasvirlarini sun’iy intellekt ko‘magida talqin qilishga mo‘ljallangan to‘rtta «Ko‘k xona» («Cuartos Azules») faoliyati boshlanganini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, 98 ta tibbiyot muassasasida olingan mammografiya tasvirlari elektron tarzda ushbu markazlarga yuboriladi. Radiologlar tayyorlagan xulosalar esa tegishli muassasalarga qaytariladi.
Bunday yondashuv hududlardagi bemorlarning tekshiruv tasvirini talqin qildirish uchun boshqa shaharga borishiga ehtiyojni kamaytirish, mutaxassislar resursidan oqilona foydalanish va xulosani olish jarayonini tezlashtirish imkoniyatini beradi. Sun’iy intellekt radiologlarga tasvirlarni tahlil qilishda ko‘maklashadi, yakuniy klinik xulosa va bemorni keyingi bosqichga yo‘naltirish esa shifokorlar mas’uliyatida qoladi.
Sun’iy intellektning mammografik skriningdagi imkoniyatlarini baholashda Shvetsiyada o‘tkazilgan MASAI tadqiqoti muhim ilmiy dalillardan biridir. 2021–2022-yillarda unga 105 ming 934 nafar ayol jalb qilinib, ishtirokchilar tasodifiy tarzda sun’iy intellekt ko‘magida va an’anaviy usulda tekshirilgan ikki guruhga ajratilgan. «The Lancet» jurnalida 2026-yilda e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, saraton mavjud holatlarni aniqlash sezgirligi sun’iy intellekt qo‘llangan guruhda 80,5 foiz, tasvirlar sun’iy intellektsiz ikki radiolog tomonidan baholangan guruhda 73,8 foizni tashkil etgan. Saraton mavjud bo‘lmagan holatlarni to‘g‘ri baholash ko‘rsatkichi — o‘ziga xoslik har ikki guruhda 98,5 foiz bo‘lgan.
Tadqiqotda ikki skrining oralig‘ida aniqlangan saraton holatlari har ming ishtirokchiga mos ravishda 1,55 va 1,76 tani tashkil etgan. Natijalar sun’iy intellekt ko‘magida o‘tkazilgan skriningning belgilangan mezon bo‘yicha an’anaviy usuldan kam emasligini, ayrim diagnostik ko‘rsatkichlar yaxshilanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston uchun asosiy vazifa yangi, alohida tizimni taklif qilishdan ko‘ra, amaldagi markazlashtirilgan mammografiya xizmati va joriy etilishi rejalashtirilgan sun’iy intellekt yechimlarining o‘zaro uyg‘unligini ta’minlashdan iborat. Xususan, hududiy muassasada tasvir olish, uni yagona platformaga yuborish, radiolog xulosasini qaytarish, shubhali holatlarni qo‘shimcha tashxisga yo‘naltirish hamda davolashni boshlash yagona, uzluksiz jarayon sifatida ishlashi muhim.
Yuqoridagi qaror doirasida belgilangan sinovlar va ularning keyingi bosqichlarida texnologiya samaradorligini mahalliy sharoitda mustaqil baholash maqsadga muvofiq. Bunda turli hududlardagi mammograflar bilan olingan tasvirlar sifati, ayollarning yoshi va ko‘krak bezi to‘qimasining zichligi kabi omillar inobatga olinishi lozim. Algoritm xulosalarini tajribali radiologlar bahosi bilan solishtirish, shubhali holatlarni qayta tekshirish tartibini belgilash hamda dastlabki bosqichda yakuniy tibbiy qarorni shifokor vakolatida qoldirish muhim.
Saratonni erta bosqichda aniqlash ulushi, noto‘g‘ri ijobiy xulosalar, o‘tkazib yuborilgan holatlar, qayta tekshiruvlarga yuborish ko‘rsatkichi va mutaxassislar ish yuklamasidagi o‘zgarishlar ham tahlil etiladi. Natijalar dastur joriy etilishidan oldingi holat hamda o‘xshash sharoitlardagi muqobil ish tartibi bilan solishtirilsa, texnologiyaning haqiqiy hissasini xolis baholash osonlashadi.
Tizimning ishonchli ishlashi uchun kadrlar tayyorgarligi, ma’lumotlar xavfsizligi va barqaror texnik xizmat birdek muhim. Mammografiya tasvirlarini olish va talqin qilish bo‘yicha yagona sifat talablari, shifokorlar uchun amaliy o‘quvlar hamda algoritm xatolari yuz berganda harakat qilish tartibi belgilanishi lozim.
Xulosa shuki, ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashda sun’iy intellektning qiymati qancha tasvirni tez tahlil qilishi bilangina o‘lchanmaydi. Uning haqiqiy natijasi shubhali holatni o‘z vaqtida aniqlash, ayolni zarur tekshiruvga yo‘naltirish va davolashni kechiktirmaslikdir. O‘zbekistonda yaratilayotgan markazlashgan mammografiya tizimi va sun’iy intellekt yechimlarini ana shu maqsadga bo‘ysundirish aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda Barqaror rivojlanishning 3-maqsadiga erishishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA