“D-Med” tizimi: imkoniyatlar va yechimini kutayotgan muammolar tahlili
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, xususan, farmatsevtika sohasida shaffoflikni ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada “D-Med” elektron tizimining joriy etilishi muhim qadam bo‘ldi. Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi va dorixonalarda ushbu tizimning ishlash samaradorligi yuzasidan o‘tkazilgan tahliliy o‘rganishlar sohadagi yutuqlar bilan birga, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan qator masalalarni ham yuzaga chiqardi.
Elektron retsept tizimining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat nazoratni kuchaytirish, balki sohani korrupsiyadan xoli qilishga xizmat qiladi. “D-Med” orqali dori vositalarini tayinlashda aniqlik va shaffoflik ta’minlanadi. Inson omili bilan bog‘liq xatoliklar kamayadi. Dori vositalarining noqonuniy aylanmasi ustidan davlat nazorati o‘rnatiladi. Aholi uchun qog‘ozbozlikdan voz kechilib, xizmat ko‘rsatish jarayoni soddalashadi.
Profilaktika tadbirlari davomida dorixona xodimlari va farmatsevtlar tizimdan foydalanishda duch kelinayotgan real muammolarni bayon qildi.
Haqqoniy tahlillar shuni ko‘rsatdiki. Dasturning ishlash tezligi pastligi yoki qisqa muddatli texnik uzilishlar mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqtining cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida haqli e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, elektron retseptlarni tizimga kiritishda ba’zi noaniqliklar va xatoliklar kuzatilmoqda. Bu dorixonalarda dori vositalarini rasmiylashtirish jarayonini texnik jihatdan murakkablashtiradi.
Tibbiyot xodimlarining yangi tizim bilan ishlash ko‘nikmalarini hali ham takomillashtirishga ehtiyoj borligi sezildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari ushbu muammolarni tizimni shakllanish bosqichidagi tabiiy jarayon deb baholamoqda. Serverlarning barqaror ishlashini ta’minlash va dasturiy ta’minotni optimallashtirish, tibbiyot va dorixona xodimlari uchun elektron retsept bilan ishlash bo‘yicha amaliy treninglarni ko‘paytirish, tizimni nafaqat shahar markazlarida, balki chekka hududlarda ham bir xil barqarorlikda ishlashini ta’minlash mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, “D-Med” tizimi — tibbiyotning kelajagi. Mavjud texnik va uslubiy muammolarning tizimli ravishda hal etilishi yaqin istiqbolda yurtimizda tibbiy va farmatsevtik xizmat ko‘rsatish sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA