Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yangi bosqichda
Yangi farmon va qaror
Chorva boqib, ro‘zg‘origa baraka kiritadiganlar jonliqning zotiga qaraydi. Yemish va joy yaxshi, lekin mol zotdor bo‘lmasa chorvadorning ko‘p vaqti behuda ketadi. Xarajat bo‘ladi, ammo daromad topish unga mos kelmaydi.
Shuning uchun qishloqlarda kimningdir sigiri sersut bo‘lsa, buzog‘i katta bo‘lmasdan avval egasi topiladi. Bozorlarda bo‘rdoqiga bog‘lansa tez et oladigan ho‘kizchaning boshqalariga nisbatan bir-ikki so‘m qimmat sotilishining sababi ham shunda.

Nasli yaxshi chorva bir oila uchun qanchalik muhimligini o‘ylar ekansiz, masalaning mamlakat miqyosida ahamiyati nechog‘lik dolzarbligini tasavvur qilish qiyin emas. Demak, tarmoqda ozuqa zaxirasi va naslchiligi iqtisodiy o‘sish, el dasturxoni to‘kinligiga daxldor jihat.
Shu o‘rinda ba’zi raqamlarga to‘xtalish o‘rinli. Mamlakatimizda o‘tgan yili chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 5 trillion 800 milliard so‘mlik 1 ming 300 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib, 240 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvarda “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar mamlakatda yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etish, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish borasidagi masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, ichki bozorlarga sifatli hamda arzon chorva va parranda mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda shu yo‘nalishlardagi xo‘jaliklarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishda o‘ziga xos dastur bo‘ladi.
– Farmon bilan shu yil oxiriga qadar yaylov yerlari xatlovdan o‘tkazilib, ularning amaldagi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan maydoni o‘zaro muvofiq bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘riladi, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov. – Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilishi belgilandi. Bu komissiyaning oldiga qator vazifalar qo‘yilgan. Bundan tashqari, tegishli vazirliklar bilan birgalikda shu yilning 1 dekabriga qadar yaylovlardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi «E-yaylov» elektron platformasi ishga tushiriladi. 2025-2027 yillarda mavjud geobotanik tadqiqotlar amalga oshirilib, qayta baholash va yerlarning haqiqiy normativ qiymati aniqlanadi. Bunda yaylov yerlarining konturlar va foydalanuvchilar kesimidagi elektron xaritalari ishlab chiqilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligining yagona geoaxborot tizimiga kiritiladi.
Respublika komissiyasi ma’lum yillarga mo‘ljallangan yaylov yerlarini degradatsiyadan chiqarish va ulardan barqaror foydalanishni ta’minlash bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Bunda yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, saqlash va takror ko‘paytirish maqsadida yaylov almashinuvini ta’minlash masalasi ham nazarda tutiladi. Shuningdek, yer egalari tomonidan yaylovlarda qimmatli ozuqabop o‘simlik turlarini ekishni tashkil qilishga e’tibor qaratiladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ijara huquqini auksion orqali sotishdan tushgan tushumning bir qismini o‘simliklarga kimyoviy va biologik ishlov berish, o‘simliklarni himoya qilish, ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish va yaylov degradatsiyasining oldini olish tadbirlariga yo‘naltirish tizimi joriy qilinadi.
Prezidentning yangi qarori bilan soha rivoji uchun joriy qilinayotgan ba’zi imkoniyat va qulayliklarga ham to‘xtalib o‘tamiz.
Shu yilning 1 aprelidan 2028 yil 1 yanvariga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan Davlat byudjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini har oyning 25 sanasiga qadar qaytarish tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil qiladigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tatbiq etiladi.
Qaror bilan joriy yil yakuniga qadar 3 million 200 tonna tirik vazndagi go‘sht, 13 million 200 tonna sut mahsulotlari olish rejasi belgilandi. Shuningdek, parranda go‘shtini 1 million tonnaga, tuxumni esa 10 milliard 500 million donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endi parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimi ham moliyalashtiriladi. Buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million dollar miqdoridagi mablag‘lari tegishli bankning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi. Mazkur mablag‘lar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha «Parranda boqish – daromad topish» loyihasi amalga oshiriladi.
Soha yanada rivojlanishi uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash lozim bo‘ladi. Shu jihat inobatga olinib, qarorda naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2028 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.
O‘tgan yili chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirishga doir loyihalar doirasida xorijdan nasldor 296 ming bosh qoramol, 333 ming 500 bosh qo‘y-echki olib kelingan. Bu kabi chora-tadbirlar tarmoqda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Qarorda bu jihat alohida inobatga olinib, chorva hayvonlari, jumladan, qoramol, qo‘y-echkilar va nasldor otlarning embrionlarini tayyorlash uchun veterinariya dori vositalarini, veterinariya laboratoriya tekshiruvlarida qo‘llanadigan tashxis test tizimlarini olib kirishda yengilliklar berilmoqda. Xususan, bunday vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomasini berishda ko‘rsatiladigan pullik xizmat uchun haq undirish bekor qilindi.
Naslchilik xo‘jaliklariga imtiyozlar berish bo‘yicha aniq choralar belgilab berildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 1 ming 900 ta chorvachilik-naslchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar ularning sonini 3 mingtaga yetkazish rejasi olingan.
Bu kabi olib borilayotgan ishlar tufayli respublikamizda nasli yaxshilangan qoramollarning salmog‘i yetmish ikki foizga yetdi. Buning natijasi joylarda tez vazn oladigan va sersut chorva mollari ko‘payayotganida ko‘rinadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri