Cho‘llanishga qarshi kurash: O‘zbekiston ekologik tahdidga ilm bilan javob bermoqda
Bugun cho‘llanish masalasi faqat ekologiya bilan cheklanmaydi. U endi shunchaki ekologik muammo emas, balki iqtisodiyotga zarba, qishloq xo‘jaligiga bosim, suv xavfsizligiga tahdid va aholi farovonligiga bevosita ta’sir qilayotgan murakkab jarayondir.
O‘zbekiston uchun bu masala ayniqsa dolzarb. Negaki, mamlakat hududining 70 foizi arid zonaga kiradi, yerlarning 70 foizidan ortig‘i degradatsiyaga uchragan, bu esa iqtisodiyotga har yili qariyb 830 million dollar zarar yetkazmoqda. Orol dengizining qurishi oqibatida 3 million gektar yer yaroqsiz holga kelgani, hududning 56 foizi shamol eroziyasidan zarar ko‘rayotgani esa vaziyat ko‘lamini yanada yaqqolroq namoyon etadi.
Shu bois bugun cho‘llanishga qarshi kurash masalasi tabiatni asrash doirasidan chiqib, davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishgani bu boradagi yondashuv yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. O‘sha taqdimotda atmosfera havosi sifatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik madaniyatni oshirish bilan bir qatorda, aynan cho‘llanishga qarshi kurashning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlash masalasi alohida ko‘tarildi. Bu juda muhim. Chunki muammo ilk bor shu qadar aniq ilmiy mexanizmlar, prognoz, monitoring va amaliy yechimlar bilan bog‘liq tarzda ko‘rib chiqildi.
23-martdagi yig‘ilishning eng muhim jihati ham aynan shunda: unda cho‘llanishga qarshi kurash navbatdagi shior yoki mavsumiy tashabbus sifatida emas, balki ilm-fan, texnologiya va institutsional yondashuvni talab qiladigan uzoq muddatli strategik vazifa sifatida talqin qilindi. Green University huzurida mintaqaviy qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi aynan shu ehtiyojdan kelib chiqadi. U Markaziy Osiyoda cho‘llanish jarayonlarini boshqarishga ixtisoslashgan ilk ilmiy xablardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, yerlar holati sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida raqamli monitoring qilinadi, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarning genetik banki shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi.
Bu esa masalaga yondashuv tubdan o‘zgarganini anglatadi. Endi gap faqat daraxt ekish yoki zararlangan hududlarni sanab chiqishda emas. Endi gap — yerning holatini oldindan ko‘ra bilish, xavfni xaritalash, ilmiy tavsiyalar asosida hududlarga mos yechim topish, eng asosiysi, yerning yo‘qotilgan imkoniyatini qayta tiklash haqida bormoqda. Prezident taqdimotida qayd etilganidek, bu markaz orqali cho‘llanishning milliy prognoz va xaritalash tizimini yaratish, Orolbo‘yi va qurg‘oqchil hududlarda yashil qoplamani kengaytirish, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda “cho‘l iqtisodiyoti” modellarini joriy etish mumkin bo‘ladi.
Bu borada xalqaro ilmiy tajriba O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. Markaz professori Ahani Senejani Hossein Habibollah ta’kidlaganidek:
“Markaziy va Janubi-G‘arbiy Osiyo sho‘r va issiq sharoitda yashay oladigan cho‘l o‘simliklariga boy yagona hududlardan biridir. Ularning ko‘pi millionlab yillar davomida aynan shu makonda shakllangan. Ayrim o‘simliklarda esa qurg‘oqchil va sho‘r muhitda odatiy fotosintezga qaraganda samaraliroq ishlaydigan C4 fotosintezi mavjud. Noyob bir hujayrali C4 fotosintez ilk bor aynan O‘zbekistonda aniqlangan. Bu esa yangi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yaratish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va ekologik muammolarni real iqtisodiy hamda ilmiy yutuqlarga aylantirish uchun ulkan genetik salohiyat borligini anglatadi.”
Xitoy tajribasi esa cho‘llanishga qarshi kurashda ilmiy yondashuvning naqadar katta samara berishini isbotlagan.
Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti direktori, Markaziy Osiyo Ekologiya va Atrof-muhit tadqiqotlari markazi prezidenti Chjan Yuanminning ta’kidlashicha esa:
“Xitoy hududining qariyb 26 foizi cho‘llardan iborat. Shu sabab mamlakatda 1970-yillardan buyon yerlarni tiklashga qaratilgan “Uch Shimol” dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida qumlarni mustahkamlash, sun’iy o‘rmonlar yaratish, biologik qobiqlarni shakllantirish va galofitlarni ekish kabi kompleks choralar qo‘llanadi. Galofitlar bir gektardan yiliga 5 tonnagacha tuzni chiqarib yuborishi mumkin, qurg‘oqchilikka chidamli genlar esa hosildorlikni saqlagan holda 25–40 foizgacha suv tejash imkonini beradi. Bu tajriba O‘zbekistonda ham sinovdan o‘tib, Nukusdagi sho‘rlangan yerlarda paxta hosildorligi deyarli ikki baravar oshgani alohida ahamiyatga ega.”
Aslida, bu yerda eng muhim xulosa bitta: cho‘llanishga qarshi kurash — faqat ekologik chora emas. U ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi, iqtisodiyot va hududiy siyosat kesishgan nuqtadagi strategik vazifadir. Shu ma’noda 23-mart kungi yig‘ilish oddiy taqdimot emas, balki ekologik siyosatda yangi bosqichning amaliy ifodasi bo‘ldi. Chunki unda muammo ilk bor shu qadar ravshan tarzda ilmiy markazlar, laboratoriyalar, raqamli monitoring va xalqaro tajriba bilan bog‘landi.
Eng muhimi, bu yondashuv O‘zbekistonning ekologik tahdidlarga endi faqat xavf sifatida emas, balki ilmiy yechim va yangi imkoniyatlar manbai sifatida qarayotganini ko‘rsatadi. Zero, yerning holati — bu faqat bugunning manzarasi emas, ertangi taraqqiyot mezonidir. Agar yer tiklansa, qishloq xo‘jaligi tiklanadi. Agar ilm ishlasa, ekologik tahdid iqtisodiy imkoniyatga aylanadi. Agar bu yo‘lda siyosiy iroda, ilmiy salohiyat va xalqaro tajriba birlashsa, cho‘llanishga qarshi kurash ham natija beradi.