Choʻllanish insoniyatga xavf solmoqda
BMT maʼlumotiga koʻra, choʻllanish dunyo aholisining beshdan bir qismiga tahdid solayotir.
Choʻllanish, yer degradatsiyasi va qurgʻoqchilik jiddiy iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik muammo boʻlib, dunyoning koʻplab mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Choʻllanish oqibatida jahonning 100 dan ortiq mamlakatida istiqomat qilayotgan 1,2 milliard aholining salomatligi va farovonligiga jiddiy xavf tugʻilmoqda.
BMT maʼlumotiga koʻra, choʻllanish dunyo aholisining beshdan bir qismiga tahdid solayotir. Hozir dunyodagi quruqlik maydonining uchdan bir qismi choʻlga aylanish tahdidi ostida qolgan. Dunyoda degradatsiya jarayonlari natijasida har yili 7 million gektar yer maydoni qishloq xoʻjaligi oborotidan chiqib ketmoqda.
Oʻzbekiston tuproq shoʻrlashi, koʻchib yuruvchi qumlar tarqalish xavfi, chang boʻronlari va qurgʻoqchilik muammolariga duch kelmoqda. Qishloq xoʻjalik faoliyatida yaroqli yer maydonlarining kamligi tabiat boyliklari va yer-suv manbalaridan foydalanishning samarador yangi yoʻnalishlarini izlab topishni talab etmoqda.
Mamlakatimizda choʻllanishga qarshi kurashning milliy dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu dasturga koʻra, yerlar degradatsiyasining hajmini qisqartirish yoki uning oldini olish, choʻllanishga duchor boʻlgan yerlarni qayta tiklash ishlarini amalga oshirish lozim.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, har yili choʻllanish va qurgʻoqchilik natijasida 42 milliard dollarga yaqin qishloq xoʻjaligi ekinlari nobud boʻladi. Hech kimga sir emas, yaqin kelajakda mintaqamizda iqlimning isishi kutilmoqda. Iqtisodi asosan qishloq hoʻjaligiga moslashgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv tanqisligi allaqachon sezila boshlagan. Buning oqibatida esa choʻllanish, shoʻrlanish va tuz shamollari kabi hodisalar soni koʻpayib bormoqda. Shuningdek, kelajakda iqlimning tobora isib borishi va choʻl zonalarining koʻpayishi oziq-ovqat mahsulotlari (bugʻdoy, makkajoʻhori, sholi va hokazo) yetishtirishga salbiy taʼsir koʻrsatib, hayvonot va oʻsimlik dunyosida ham keng koʻlamli koʻchishlar kuzatilishi mumkin.
Mamlakatimizda ham sugʻoriladigan yer maydonlari yildan-yilga qisqarib bormoqda. Orolning qurigan hududidan tuz va boshqa mineral moddalarning shamol orqali tarqalishi, suv taqchilligi oqibatida choʻllanish darajasi ortayapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida choʻllanish darajasi yuqori. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 22 million gektar yer choʻllanishga moyil hudud hisoblansa, mavjud yaylovlarning 43 foizi esa inqirozga uchrab, choʻllanib boʻlgan.
Muammoni toʻla his qilmaslik va uning yechimiga nisbatan beparvolik, sohaga tegishli ilmiy tadqiqotlarning kamligi yoki amaliyotda ulardan foydalanmaslik oqibatida mazkur masala dolzarbligicha qolib ketmoqda. Hududlarda sahroga chidamli saksovul, qandim, cherkez kabi oʻsimliklardan iborat oʻrmonzorlar barpo etilishi oʻziga xos ekotizim paydo boʻlib, iqlim oʻzgarishini yumshatadi. Choʻl zonada ozuqabop hisoblangan chogon, tereskan, boyalich, qayrouk kabi oʻsimliklar koʻpaytirilishi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Agrar sektorda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Boz ustiga qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona foydalanish yerning meliorativ holatini yaxshilishga, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Hozir shu kabi muammolarni hisobga olib, yurtimizda qishloq xoʻjaligining koʻp suv talab etuvchi tarmoqlari sezilarli darajada qisqartirildi. Sohaga suvni tejashga qaratilgan koʻplab yangi texnologiyalar joriy etilmoqda. Jumladan, bugungi kunga kelib Oʻzbekistonda suv resurslaridan tejamli foydalanish yoʻnalishidagi davlat siyosatining natijasi oʻlaroq foydalanilayotgan suvlarning umumiy miqdori 1980-yillarga nisbatan yiliga 64 milliard metr kubdan oʻrtacha 51 milliard metr kubgacha kamaytirildi.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining tashkil etilgani, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika boʻyicha 1 million 200 ming gektardan ortiq sugʻoriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Suv va yer resurslarini boshqarishdagi iqtisodiy mexanizmlar va huquqiy asoslarni takomillashtirish hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish kabi masalalar doimiy eʼtiborda boʻlishi zarur. Zero, aynan yer va suv resurslarini barqaror boshqarish yoʻli bilan bioxilma-xillikni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mumkin.
Erkin OMONOV,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
markaziy kengashi ijroiya
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.