“Chinor” metro bekati 50 kunga yopiladi
Toshkent metropolitenining “Chinor” bekatida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan bekat vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi.
Metropoliten matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur loyiha yo‘lovchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan. Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish-chiqish hududlari kengaytirilib, katta sig‘imga ega 4 ta zamonaviy lift hamda qo‘shimcha 12 ta turniket o‘rnatiladi.
Qayd etilishicha, qurilish-montaj ishlarini xavfsiz va sifatli tarzda bajarish maqsadida 2026-yil 13-iyundan boshlab “Chinor” metro bekati yo‘lovchilar uchun 50 kun muddatga yopiladi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu davrda “Chinor” va “Yangihayot” metro bekatlari o‘rtasida maxsus metrobuslar qatnovi tashkil etiladi. Mazkur transport vositalari metro yo‘lovchilarining harakatlanishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Metropoliten rahbariyati yo‘lovchilardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida xizmat sifati va bekat imkoniyatlarini yanada yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA