“Chempion bolajon” ish boshladi
Mustaqillik bayrami arafasida Andijon shahrining Istiqlol mahallasida “Chempion bolajon” maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mustaqillik bayrami arafasida Andijon shahrining Istiqlol mahallasida “Chempion bolajon” maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
2-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hududida davlat xususiy sherikchilik asosida barpo etilgan 150 oʻrinli mazkur muassasa sportning suzish turiga ixtisoslashgan. Muassasa qurilishi va jihozlanishi uchun 4 milliard 502 million soʻm mablagʻ sarflandi.
Ikki qavatli, zamonaviy qiyofaga ega ushbu innovatsion muassasada bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash, jismoniy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Qishki va yozgi suzish havzasi mavjud.
Muassasada nafaqat suzish, balki raqs, badiiy gimnastika, rassomchilik, ingliz va rus tili toʻgaraklari tashkil etiladi. Shuningdek, oliy toifali defektolog hamda bolalar massajisti ham faoliyat koʻrsatadi.
Mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotining ishga tushishi bilan 25 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bolajonlarga tajribali mutaxassislar sportning suzish turi boʻyicha saboq beradi.
− Ayni kunda Andijon shahrida 56 ta davlat, 12 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi, 8 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, shuningdek, 9 ta uy bogʻcha faoliyat koʻrsatmoqda, − deydi Andijon shahar maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlim boshligʻi Xilolaxon Ziyayeva.
− Umuman, bugungi kunda shaharda bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish 47,3 foizga yetkazilgan.
Joriy yil davomida yana 4 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi, 6 ta uy bogʻcha ishga tushirilishi hamda maktab taʼlimiga tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli guruhlar tashkil etilishi hisobiga qamrovni 56 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.