Cheklovsiz ijod
Toshkent Fotosuratlar uyida Koreya Respublikasi yosh ijodkori Pe Xyong Min hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ijod namunalaridan iborat ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 31 yilligiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining turli bosqichlarida saboq olayotgan Zulfiya Rustamova, Umida Hamidova, Barno Narzullayeva, Guljahon Egamberdiyeva, Aygul Niyatullayeva singari talabalar hamda ularning ustozi Jasur Jumayev asarlari, shuningdek, koreyalik yosh ijodkor Pe Xyong Min grafikalari namoyish etilmoqda.
Mamlakatimizda tibbiy, jismoniy imkoniyati qanday bo‘lmasin, barcha yoshlarning ta’lim olishi, o‘z iqtidorini yuzaga chiqarishi, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga, jamiyatning inklyuzivlashuviga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bu ko‘rgazmaga ishlari qo‘yilgan yoshlar ham ijodda, izlanishda hech kimdan kam emasligi, ular uchun maqsad sari dadil olg‘a intilishda hech qanday cheklovlar yo‘q ekanini amalda isbotlamoqdalar, desak yanglishmaymiz.
Aytish joizki, o‘zbekistonlik talabalarning ijod namunalari: portret, natyurmort, janrli kartinalari ranglar va kompozitsion yechim mutanosibligi bilan ahamiyatlidir. Bu jihatlar koreyalik yosh ijodkor Pe Xyong Minning grafik ishlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yana bir jihati shundaki, ushbu kartinalarni Pe Xyong Min oyoqlari bilan yaratgan... Tabiiyki, bu ijodkordan metin iroda, inson aqlini shoshiradigan darajada his-tuyg‘ularni talab etadi. Pe Xyong Min musiqa bilan ham shug‘ullanadi. U puflab chalinadigan garmon musiqa asbobida ajoyib kuylar chaladi.
Ushbu ko‘rgazma insonning tibbiy holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u baribir go‘zallik, barkamollik sari intilaverishini, ijod uchun hech qanday cheklovlar yo‘qligini o‘zida ifodalaydi.
[gallery-15035]
Ko‘rgazmaning ochilishi marosimida Pe Xyong Min hamda Janubiy Koreyaning imkoniyati cheklangan yoshlaridan tarkib topgan “DCU Joyful Harmonica” ansambli ishtirokida musiqiy konsert namoyish etildi. Ushbu ansambl Janubiy Koreyaning maktablari, shifoxonalari, maxsus muassasalarida, davlat tashkilotlarida konsert berishi bilan birga dunyoning AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Xitoy va boshqa ko‘plab davlatlarida o‘z musiqiy dasturlarini namoyish etgan. Ansambl 2018 yili Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani mamlakatlarining 12-xalqaro garmonika musiqiy festivalida sovrinli o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA