Byudjet mablag‘larining sarflanishida moliyaviy xatoliklar bor — qanday choralar ko‘rilmoqda?
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosini ko‘rib chiqdilar.
Mazkur masala yuzasidan iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Rahimova ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi 7,2 foizga o‘sib, 808 trillion so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjeti daromadlari 144,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 23,2 trillion so‘mga (19,2 foiz) ko‘paydi.
Fraksiya a’zolari byudjetning yarim yillik ijrosi davomida ekologiya, qishloq va so‘v xo‘jaligi yo‘nalishlariga ajratilgan mablag‘lar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Axborotda keltirilganidek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadlari uchun 73 milliard so‘m subsidiya ko‘rinishida mablag‘ ajratilgan. Ekologiya va atrof-muhitni asrab-avaylashga qaratilgan chora-tadbirlar uchun 1 trillion 797 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Jumladan, Orolning qurigan hududida o‘rmonzorlar barpo etish, tog‘li hududlarda yashillikni kengaytirish borasida ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi sa’y-harakatlar uchun 71,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 2 trilliondan ortiq mablag‘ hududlarni, mahallalarni obodonlashtrish maqsadlari uchun ajratilgan. Uy hayvonlarini emlash ishlari uchun 72,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, hisobotda yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish, jamoat transportini yaxshilash va bu boradagi xarajatlarni qoplash, “Tashabbusli byudjet”ning 1-mavsumidagi loyihalar va ularga ajratilgan byudjet mablag‘lari xususida ham ma’lumotlar berildi.
Muhokamalarda fraksiya a’zosi Boriy Alixonov bugungi kunda atmosferaga 2 million 250 ming tonna chiqindi tashlanmalar chiqarilayotgani, bu miqdorni 2030 yilga qadar 10 baravarga kamaytirish ko‘zda tutilganini qayd etib, hisobot davrida bu borada qanday choralar ko‘rilgani, havodagi tashlanmalar miqdori qanchaga kamaytirilgani bilan qiziqdi.
Bunga javoban ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari J.Kazbekov atmosfera muammolarini bartaraf etish choralari uchun 62 milliard so‘m byudjet mablag‘i ajratilganini, ammo atmosferaga tashlanmalar miqdorini kamaytirishga qaratilgan ishlar bugungi talabga javob bermasligini ta’kidladi. Bunga transport oqimi, texnologiya va sanoat yo‘nalishidagi o‘zgarishlar va boshqa omillar sabab sifatida aytib o‘tildi. Bu borada vazirlik parlament bilan hamkorlikda ishlashga, deputatlar bilan birgalikda metodikasini ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, deputat J.Abdullayev deyarli barcha vazirlik va idoralar faoliyatida byudjet mablag‘larining sarflanishida moliyaviy xatoliklarga, mablag‘larni o‘zlashtirish, noto‘g‘ri sarflash holatlariga yo‘l qo‘yilganini ta’kidladi. Bunday moliyaviy xatoliklarni to‘g‘rilash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdi.
Bunga javoban vazirliklarda ichki audit tizimi yo‘lga qo‘yilgani, moliyaviy xatoliklarni aniqlash va oldini olish choralari ko‘rib borilishi ma’lum qilindi. Masalan, maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 260 milliard so‘m miqdoridagi moliyaviy xatoliklarning oldi olingan. Ayrim xatoliklar bo‘yicha hujjatlar huquq-tartibot idoralariga taqdim etilgan. Bundan tashqari, Bosh prokuratura va Senat vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida o‘rganishlar olib borayotgani aytib o‘tildi.
Fraksiya a’zolari davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirish va undan samarali foydalanish zarurligini ta’kidlab, tegishli taklif va tavsiyalarni bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA