Byudjet mablag‘lari shaffofligi — ustuvor vazifa
Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Byudjet va mablag‘lar: ajratilgan pul qayerga va qanday sarflandi?” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda soha xodimlari bilan bir qatorda markaziy va hududiy OAV vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’lim sohasiga ajratilgan byudjet mablag‘larining manzilli va samarali sarflanishi, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish, umumiy o‘rta ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda mablag‘lardan oqilona foydalanish kabi ustuvor yo‘nalishlar ochiq raqamlar asosida tahlil etildi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinganidek, 2025-yilda boshqarma apparati faoliyatini ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘lar deyarli to‘liq o‘zlashtirilgan. Jumladan, xodimlarning ish haqi va ustamalari uchun 5,8 mlrd so‘mdan ortiq, ijtimoiy ajratmalar uchun qariyb 1,4 mlrd so‘m, tashkilotni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarga esa 650 mln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur ko‘rsatkichlar kelgusida ish haqi va ustamalar hamda ajratmalar hisobiga yanada oshishi kutilmoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda ta’lim tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari o‘rtacha 3,8 mln so‘m maosh olgan xodimlar uchun rag‘batlantirish tizimi joriy etildi. Ko‘p yillik mehnat e’tibordan chetda qolmadi — ustamalar joriy etilishi natijasida maoshlar qariyb ikki barobar oshib, 8,9 mln so‘mga yetdi. Ayni paytda esa o‘rtacha ish haqi 9,7 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Ta’lim muassasalarining moddiy ta’minotini mustahkamlash ham e’tibordan chetda qolmadi. Qish mavsumini barqaror o‘tkazish maqsadida 2025-yilda maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 14 ming tonnadan ortiq ko‘mir yetkazib berildi. Buning uchun 6,3 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, uni hududlarga yetkazib berish uchun yana qariyb 900 mln so‘m yo‘naltirildi. Eng muhimi, buning ortidan minglab sinfxonalarda bolalar bilim olishiga sharoit yaratilgan.
[gallery-29044]
Shu bilan birga, ta’lim sifatiga bevosita ta’sir etuvchi moddiy-texnik baza ham sezilarli darajada yangilandi. Xususan, maktablar 1,2 mlrd so‘mlik zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlandi. 32 ta maktabga 500 dan ortiq monoblok kompyuterlar yetkazib berilib, kompyuter sinflari to‘liq shakllantirildi. Yana 25 ta maktabga o‘rnatilgan zamonaviy 75 dyuymli interaktiv doskalar esa dars jarayonlarini yanada samarali va interaktiv tashkil etish imkonini bermoqda.
2026-yil uchun rejalashtirilgan mablag‘lar esa bu islohotlar izchil davom etishini ko‘rsatmoqda. Demak, bugungi o‘zgarishlar ertangi natijalar uchun mustahkam poydevordir.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sohaning mas’ul rahbarlaridan batafsil javob oldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA