Birinchi chorakda elektron hisob-faktura orqali tovar aylanmasi 691,5 trillion so‘mga yetdi
Bugungi kunda iqtisodiyotda raqamlashtirish jarayonlari nafaqat qulaylik, balki shaffoflik va samaradorlikning muhim omiliga aylanmoqda.
Xususan, elektron hisob-faktura (EHF) tizimi orqali amalga oshirilayotgan hisob-kitoblar biznes yuritishni yengillashtirib, moliyaviy munosabatlarning ochiqligini ta’minlamoqda. 2026-yilning birinchi choragi yakunlari ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar–mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlari yanada faollashgani kuzatildi. Xususan, elektron hujjat aylanish tizimi orqali rasmiylashtirilgan elektron hisob-fakturalar (EHF) bo‘yicha jami tovar aylanmasi 691,5 trillion so‘mni (QQS bilan) tashkil etdi.
Mazkur ko‘rsatkich mamlakatda biznes jarayonlarining raqamlashuv darajasi ortib borayotgani, soliq ma’muriyatchiligida shaffoflik ta’minlanayotgani hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Tahlillarga ko‘ra, tovar aylanmasi hajmi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Elektron hisob-fakturalar tizimining joriy etilishi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida hisob-kitoblarni soddalashtirish, inson omilini kamaytirish va moliyaviy intizomni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida davlat byudjeti tushumlarining barqaror o‘sishiga zamin yaratadi.
Iqtisodchilar fikricha, kelgusida EHF tizimini yanada takomillashtirish, uning qamrovini kengaytirish va yangi raqamli xizmatlar bilan integratsiya qilish orqali iqtisodiyotdagi samaradorlikni yanada oshirish mumkin.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA