Buxoroning yangi sayyohlik darvozasi
Buxoro — tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan, dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelayotgan betakror zamin. Asrlar silsilasida shakllangan boy madaniy meros, muhtasham me’moriy obidalar, milliy hunarmandchilik va mehmondo‘stlik an’analari bugun viloyatning eng katta iqtisodiy imkoniyatlaridan biri — turizmni yanada yuksaltirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun Buxoroda turizmni yangi bosqichga olib chiqadigan, nafaqat sayyohlarni qabul qilish, balki ularga zamonaviy, sifatli va xalqaro talablarga mos xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan ulkan loyihaga qadam qo‘yilmoqda. Bu — yangi aeroport yo‘li bo‘ylab joylashgan bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalangan holda zamonaviy turizm klasteri tashkil etish tashabbusidir.
Loyihaning birinchi bosqichida 1 ming gektar yer maydonini turizm infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Eng muhimi, bu oddiy qurilish loyihasi emas. Bu Buxoroning ertangi turistik qiyofasini belgilab beradigan, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadigan keng qamrovli taraqqiyot maydoni bo‘ladi.
Ko‘zda tutilgan turizm klasterida zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan brend mehmonxonalar, restoranlar, savdo va servis ob’ektlari, ko‘ngilochar maskanlar, sayyohlar uchun zarur bo‘lgan boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etiladi.
Bunday yondashuv Buxoroga kelayotgan mehmonlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishi, turli xizmatlardan bir joyning o‘zida foydalanishi va sayohat taassurotlarini yanada boyitish imkonini beradi.

Ayni paytda klasterning ahamiyati faqat sayyohlar uchun qulaylik yaratish bilan cheklanmaydi. Loyiha orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlik sub’ektlari sonini ko‘paytirish va ularning faoliyatini kengaytirish uchun ham katta imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ya’ni bu hudud kelgusida sayyohlar uchun yangi manzil, tadbirkorlar uchun yangi bozor, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari va viloyat iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtasiga aylanishi mumkin.
Mazkur loyihani mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning muhim drayveriga aylantirish, hududlarning turistik salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, xususiy sektor faolligini oshirishga qaratilgan davlat rahbari tashabbuslarining Buxoro viloyatidagi amaliy davomi sifatida baholash mumkin.
Zero, turizmni rivojlantirish — bu faqat mehmonxona yoki sayyohlik maskani barpo etish emas. Bu transport, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, madaniyat, ko‘ngilochar industriya va boshqa ko‘plab sohalarni bir vaqtning o‘zida harakatga keltiradigan katta iqtisodiy zanjirdir.
Shu ma’noda, yangi turizm klasteri Buxoroning mavjud salohiyatini zamonaviy infratuzilma bilan bog‘lab, yangi iqtisodiy qiymat yaratishi bilan ahamiyatli.
Ayni shu masalalar viloyat hokimi Botir Zaripovning turizm va mehmonxona sohasida faoliyat yuritayotgan buxorolik tadbirkorlar bilan muloqotida atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda yangi turizm klasterining maqsad va vazifalari, hududda yaratiladigan infratuzilma, tadbirkorlar uchun mavjud imkoniyatlar hamda istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqotning e’tiborli jihati shundaki, loyihaning kelajagi tadbirkorlarning fikr va takliflari bilan uyg‘un holda ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Buxoroning zamonaviy turistik qiyofasini yanada boyitish, sayyohlar uchun qulay va jozibador muhit yaratish, xizmatlar turini ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Ayniqsa, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish, yangi servis turlarini joriy qilish, sayyohlar uchun zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish, hududning o‘ziga xos milliy qiyofasini saqlagan holda zamonaviy arxitektura yechimlaridan foydalanish kabi takliflar loyihaning mazmun-mohiyatini yanada boyitishi shubhasiz.
Buxoro bugun dunyoga o‘zining ming yillik tarixi bilan tanilgan bo‘lsa, ertaga u tarixiy meros va zamonaviy turizm uyg‘unlashgan yangi qiyofa bilan yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etishi mumkin.
Yangi aeroport yo‘li bo‘yida barpo etiladigan turizm klasteri ana shu maqsadga xizmat qiladi. U shaharga kirib kelayotgan mehmonlar uchun o‘ziga xos yangi turistik darvoza vazifasini bajarishi, Buxoroning zamonaviy va jozibador qiyofasini namoyon etishi kutilmoqda.

Bu yerda mehmonxonadan tortib restorangacha, savdo va servisdan ko‘ngilochar maskanlargacha bo‘lgan xizmatlarning yagona ekotizimga birlashishi turistik xizmatlar sifatini yangi darajaga olib chiqishi mumkin.
Eng muhimi, loyiha amalga oshishi bilan Buxoroda turizmning yangi geografiyasi shakllanadi. Sayyohlar faqat tarixiy markazda emas, balki zamonaviy turistik klasterda ham o‘zlari uchun qiziqarli va mazmunli manzillarni topish imkoniga ega bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Botir Zaripov tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliyotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladi.
Ilgari surilgan takliflarni chuqur o‘rganish, belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud masalalarni tezkor hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri