Buxoroda olimlarning ilmiy muloqoti o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari ishtirokida ilmiy muloqot o‘tkazildi. Unda V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti akademigi O‘tkir Roziqov hamda S.Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Qodir G‘ulomov ishtirok etdi.
Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov mehmonlarni oliy ta’lim muassasasining ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati, mavjud infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish loyihalari bilan tanishtirdi. Xususan, universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi kampus loyihasi, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda ijtimoiy infratuzilmani shakllantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Olimlar universitetda faoliyat yuritayotgan V.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Buxoro bo‘linmasida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va yosh olimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-30930]
Ilmiy muloqot davomida akademik O‘tkir Roziqovning matematika, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzasi tinglandi.
Ma’ruzada sun’iy intellekt texnologiyalarining matematik asoslari, zamonaviy algoritmlar, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, murakkab jarayonlarni modellashtirish hamda mazkur texnologiyalarning istiqboldagi rivoji kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Akademik Qodir G‘ulomov insoniyat evolyutsiyasining uzoq tarixiy jarayonlaridan bugungi zamonaviy taraqqiyot bosqichigacha bo‘lgan rivojlanish yo‘li, tabiat qonuniyatlari va fizikaviy hodisalarga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Muloqotda professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, yosh olimlar va talabalar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlardan javob oldi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA