“Odil sudlov – 2030”: inson qadri, huquq va adolatning mustahkam kafolati
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 14-avgustda imzolangan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimiz sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yo‘lidagi muhim tarixiy hujjat sifatida baholanmoqda.
Men nodavlat notijorat tashkiloti vakili sifatida mazkur farmonda belgilangan inson huquqlarini ta’minlash, aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, sud-huquq tizimida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan vazifalarni muhim, deb hisoblayman.
Zero, adolat faqat sud zalida qaror qabul qilinishi emas. Adolat har bir inson o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini bilishi, ularni himoya qila olishi, davlat idoralariga murojaat qilganda esa uning murojaati eshitilishi va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi deganidir.
Farmonda sud tizimini “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari” va “raqamli odil sudlov” kabi ustuvor yo‘nalishlar asosida rivojlantirish belgilab berilgani e’tiborga molik. Ayniqsa, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalanish bugungi davr talablariga mos muhim vazifalardir.
Bizning markazimiz faoliyatida ayollar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini bilishiga ko‘maklashish hamda fuqarolik faolligini kuchaytirish muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu nuqtai nazardan, mazkur farmon bizni ham o‘z faoliyatimizni yanada kuchaytirishga, aholiga huquqiy bilimlarni sodda va tushunarli shaklda yetkazishga undaydi.
Shu nuqtai nazardan, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi biz, jamoatchilik vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Endi aholiga huquqiy bilimlarni faqat rasmiy va murakkab tilda emas, balki sodda, aniq va tushunarli shaklda yetkazish, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan samarali foydalanishiga ko‘maklashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari hamda chekka hududlarda yashayotgan fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, zamonaviy elektron xizmatlarni rivojlantirish va “yagona darcha” tamoyili asosida qulayliklar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Huquqini bilgan ayol o‘zini va oilasining kelajagini himoya qila oladi. Huquqini bilgan yosh jamiyat taraqqiyotining faol va mas’uliyatli ishtirokchisiga aylanadi. Huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinadigan jamiyat esa, shubhasiz, adolatli, barqaror va kuchli davlatni barpo etadi.
Ishonamizki, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Gulhayo Ravshanova,
Navoiy viloyatidagi “Ziyokor ayollar va yoshlar” markazi rahbari.
O‘zA