Butunjahon bosh miya falaji haqida xabardorlik kuni
Har yili 6-oktabr sanasi dunyo miqyosida Butunjahon bosh miya falaji haqida xabardorlik kuni sifatida keng nishonlanadi
Bosh miya falaji (DSP) — aksariyat hollarda tug‘ma yoki go‘daklik davrining ilk bosqichida yuzaga keladigan holat. Tibbiyotda DSPning qariyb 85-90 foizi tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda yoki bevosita tug‘ruq jarayonida miyaning zararlanishi oqibatida kelib chiqishi isbotlangan. Bu ko‘p hollarda bola shu diagnoz bilan tug‘ilishi yoki hayotining birinchi yilida alomatlar namoyon bo‘lishini anglatadi, ammo bu to‘liq genetik kasallik emas, balki miyaning shakllanish jarayonida yuzaga kelgan tashqi yoki ichki salbiy omillar natijasidir. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har 500 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqdan 1–2 nafarida bu holat kuzatilib, yer yuzida DSP bilan yashayotgan insonlarning umumiy soni 17 milliondan ortiqni tashkil etadi.
– Miyaning shikastlanishiga olib keluvchi sabablar asosan uchta davrga bo‘linadi. Homiladorlik davrida (tug‘ruqqacha) onaning qizamiq, sitomegalovirus, toksoplazmoz kabi infeksiyalarni yuqtirishi, homilaning ona qornida surunkali gipoksiyaga uchrashi, yo‘ldosh faoliyatining buzilishi, og‘ir toksikozlar, qon bosimining keskin oshishi hamda ota-ona va bola qon guruhi yoki rezus-faktorining mos kelmasligi xavf tug‘diradi, – deydi bolalar nevropatologi Sayyora Raupova. – Tug‘uruq jarayonida esa muddatidan oldin (erta) tug‘ilish — erta tug‘ilgan chaqaloqlarning miya qon tomirlari o‘ta nozik bo‘lgani uchun qon ketish xavfi yuqoriligi, o‘tkir kislorod yetishmasligi (asfiksiya), kindik halqasining bo‘yinga o‘ralib qolishi yoki tug‘ruqning juda og‘ir kechishi sabab bo‘ladi. Tug‘uruqdan keyingi davrda go‘dakning boshi qattiq jarohatlanishi, miya va uning qobiqlarining yallig‘lanishi (meningvit, ensefalit) yoki chaqaloqlarning og‘ir sariq kasalligi miya hujayralarini zaharlab, ushbu sindromni keltirib chiqarishi mumkin.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, DSPning oldini olish har doim ham to‘liq mumkin emas, chunki ayrim faktorlar kutilmaganda yuz berishi mumkin, ammo tibbiy tavsiyalarga qat’iy amal qilish orqali bu xavfni keskin kamaytirish imkoniyati mavjud. Buning uchun ayollar homiladorlikni rejalashtirishdan oldin barcha infeksiyalarga qarshi tekshiruvdan o‘tishi, zarur vitaminlarni qabul qilishi va shifokor nazoratida bo‘lishi shart. Shuningdek, homiladorlik vaqtida gripp kabi yuqumli kasalliklardan ehtiyot bo‘lish, tug‘uruqni malakali mutaxassislar nazorati ostidagi zamonaviy perinatal markazlarda o‘tkazish juda muhimdir. Bola tug‘ilgandanoq undagi har qanday nevrologik o‘zgarishlar, sariq kasalligi yoki bezovtaliklarni erta bosqichda aniqlab, darhol profilaktik reabilitatsiya va davo choralarini boshlash miya faoliyatini tiklashda katta ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda neyronauka va genetika sohasidagi ulkan yutuqlar DSPga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib, neyroplastiklik fenomeniga, ya’ni miya hujayralarining o‘zini qayta tiklash va vazifalarni boshqa hujayralarga uzatish qobiliyatiga tayanmoqda. Zamonaviy tibbiyot go‘dak hayotining ilk oylaridayoq maxsus neyrovizualizatsiya usullari orqali miyadagi mikroo‘zgarishlarni aniqlab, amaliyotga robotlashgan qurilmalar, ekzoskeletlar, virtual reallik texnologiyalari va botulinoterapiya usullarini keng joriy etmoqda.
– Bu jarayonda nevrolog, ortoped, logoped, defektolog va psixologlarning multidissiplinar jamoa bo‘lib ishlashi hamda jismoniy mashqlar bilan birgalikda ergoterapiyaga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, oilaning psixologik barqarorligi va ota-onalar uchun ruhiy ko‘mak boladagi ijobiy dinamikani tezlashtiruvchi asosiy omillardan biridir, – deydi S.Raupova.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlar, xususan, DSP diagnozi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy-sotsial yordam sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Respublika bo‘ylab ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar, bolalar milliy tibbiyot markazlari hamda hududiy reabilitatsiya bo‘limlarining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanib, erta bosqichda aniqlash skrining markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Inklyuziv ta’lim tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali maxsus ehtiyojli bolalarni oddiy maktab va bog‘chalarga jalb etish, ular uchun maxsus pedagoglar va moslashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. DSP bilan og‘rigan bolalarni parvarishlayotgan ota-onalar uchun ijtimoiy nafaqalarning oshirilishi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar ularning jamiyatda faol hayot kechirishiga keng yo‘l ochadi.
Bosh miya falaji hayotga boshqacha rakursdan qarash, yangicha kuch va matonat talab qiladigan yo‘ldir. Zamonaviy tibbiyot yutuqlari, davlat g‘amxo‘rligi hamda jamiyatning ongli va mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lishigina bunday insonlarning hayot sifatini butkul o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA