Tibbiyot xabarlari
Poytaxtimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘quv-trening o‘z ishini boshladi.
BMTning Loyihalarni xizmat ko‘rsatish boshqarmasi (UNOPS) ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur loyihada Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda uning tuman bo‘limlarining malakali laboratoriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda tibbiy va sinov laboratoriyalari faoliyatini xalqaro talablarga moslashtirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. O‘quv mashg‘ulotlarida mutaxassislarga ISO/IEC 17025, ISO 15189, shuningdek, ILAC/APAC talablari, xalqaro akkreditatsiya mezonlari hamda laboratoriyalarda zamonaviy sifat menejmenti tizimini joriy etishning huquqiy va amaliy asoslari atroflicha tushuntirilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash vositasi sifatida laboratoriya amaliyotlari/sinov usullarini (ISO/IEC 17025 va ISO 15189) hamda sifat menejmenti tizimi tartib-tamoyillarini joriy etish” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha mutaxassislarining xalqaro standartlar bo‘yicha nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini boyitish, laboratoriya tahlillari sifati hamda natijalarining ishonchliligini yanada oshirishdir.
***
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan "sirli mijoz" tadbirlarida ayrim dori vositalari belgilangan narxdan 6 barobargacha qimmat sotilgani aniqlandi.
Jumladan, “SHUNQORLAR” MCHJga qarashli dorixonada “POLIMIK® blisterы №10(1x10)” dori vositasining sotish uchun ruxsat etilgan narxi 12 837,18 so‘m bo‘lsa-da, 5,5 barobar qimmatga ya’ni, 70 000 so‘mdan taklif etilayotgan.
“KONVULEKS® Kapli dlya priyema vnutr 300mg/ml” dori vositasining sotish uchun ruxsat etilgan narxi 66 481 so‘m bo‘lsa-da, 6 barobar qimmatga ya’ni, 395 000 so‘mdan taklif etilayotgani aniqlandi.
***
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. 80 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan vositani fuqaro I.A.ga 24 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan A.A. fuqaro B.B.ga 50 dona “Omnadren-250” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 800 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
***
Xorazmda ftiziopulmonologiya xizmatini moliyalashtirishning yangi modelini amaliyotga joriy etishga bag‘ishlangan hududiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan GIZ BACKUP Health ko‘magida tashkil etilgan tadbirda moliyalashtirishning yangi modeliga oid normativ-huquqiy va uslubiy asoslar taqdim etildi.
Yangi tartib smetali moliyalashtirishdan tibbiy xizmatlarni strategik xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutadi. Bunda davolangan holat uchun haq to‘lash va boshqa moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalaniladi.
Muassasa byudjeti, statsionar tibbiy yordam hajmlari, axborot tizimlarining tayyorligi, shuningdek, tibbiy va moliyaviy ma’lumotlarni shakllantirish hamda verifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
***
Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Gospital pediatriya. Xalq tabobati” kafedrasi vakillari Jizzax viloyatining Do‘stlik shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida bo‘ldi. Texnikumning “I-Maxsus fanlar” kafedrasi bilan o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan maxsus Ish rejasi tuzilib, rasman imzolandi.
Hamkorlik memorandumi doirasida oliygoh olimlari tomonidan texnikumning “Hamshiralik ishi” yo‘nalishi o‘quvchilari uchun mahorat darslari tashkil etildi. Xususan, “Tug‘ma yurak nuqsonlari, etiologiyasi, patogenezi, klinikasi va davolashda hamshiralik parvarishi”, “O‘tkir revmatik isitma, etiologiyasi, patogenezi, klinikasi va davolashda hamshiralik parvarishi” mavzularida ochiq va master-klass darslar o‘tildi.
Ushbu hamkorlik ta’lim sifatini oshirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani yanada kuchaytirish hamda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
*** Mamlakatimizda onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta bosqichlarda aniqlash va davolash sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim tibbiy tashabbus — kolorektal saratonni erta aniqlash bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro “Gustave Roussy International” O‘zbekiston tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur loyiha yurtimizda ilk bor amalga oshirilmoqda.
Xalqaro ta’lim dasturi doirasida AQSH, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari ishtirokida kolonoskopiya bo‘yicha amaliy mahorat darslari, ilmiy seminarlar hamda murakkab klinik holatlar muhokamasi o‘tkazilmoqda. Unda xorijlik taniqli ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Mahorat darslari davomida ishtirokchilarga zamonaviy kolonoskopiya texnikasi, yo‘g‘on ichakni sifatli va to‘liq ko‘zdan kechirish, poliplar va erta neoplastik o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, shubhali hosilalarni baholash hamda endoskopik tekshiruvlar sifatini oshirish bo‘yicha muhim bilimlar berilmoqda. Shuningdek, murakkab klinik holatlar xalqaro ekspertlar bilan birgalikda chuqur tahlil qilinyapti.
Mohigul Qosimova, O‘zA