“Bunyodkor Talant Cup” turniri yosh iste’dodlarni bir maydonga jamladi
FOTOREPORTAJ
“Bunyodkor” futbol akademiyasi tashabbusi bilan 5–10-iyun kunlari 2014–2018-yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida “Bunyodkor Talant Cup” turniri bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon, Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridan, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan 60 dan ortiq jamoa tarkibida 1300 nafardan ziyod yosh futbolchi ishtirok etdi.
Uchrashuvlar yuqori raqobat muhitida o‘tib, ishtirokchilarning tayyorgarligi va mahoratini namoyon etdi.
Turnir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, o‘zining yorqin o‘yini bilan ajralib turgan yosh futbolchilar taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida “Bunyodkor” futbol klubi bosh direktori Murod Aliyev, taniqli murabbiy Rustam Mirsodiqov, “Bunyodkor” futbol akademiyasi direktori Shavkat Saidov, klub sport direktori Islom Inomov, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Baxtiyor Ashurmatov hamda soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bolalar futboli milliy futbol taraqqiyotining muhim bo‘g‘ini ekanini ta’kidlab, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib shart-sharoit yaratish va musobaqalar orqali tajriba orttirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, musobaqani tashkil etish va ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni ta’minlashda ko‘maklashgan “AK-45” xususiy korxonasining hissasi alohida qayd etildi.
“Bunyodkor Talant Cup” turniri yosh futbolchilarning iqtidorini namoyon etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kelgusida professional sportga yo‘naltirishga xizmat qiluvchi muhim sport tadbirlaridan biri bo‘ldi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA