Buxoroda VII bolalar velomarafoni bo‘lib o‘tdi
Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan Buxoro shahrida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda an’anaviy VII bolalar velomarafoni tashkil etildi.
Yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish va havoni ifloslantirmaydigan transport vositalaridan foydalanishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan ushbu tadbirda 100 nafardan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ekologik ta’lim-tarbiyaning ahamiyati hamda kundalik hayotdagi tanlovimizning atrof-muhit barqarorligini ta’minlashdagi muhim o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Velosiped va boshqa ekologik toza transport vositalarini ommalashtirish sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan birga, tabiatga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sport tadbiri dasturidan Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy va madaniy chiqishlar ham o‘rin oldi.

– Velomarafon menga juda yoqdi. Velosiped haydasak, havo toza bo‘larkan, shahrimiz ham ifloslanmaydi. Tadbir yakunida sovg‘a berishgani uchun juda xursand bo‘ldim, – dedi marafonda ishtirok etgan 7 yoshli bolakaylardan biri.

Yoshlar o‘rtasida ekologik ta’lim-tarbiyani rivojlantirish hamda ularning bu boradagi xabardorligini oshirish YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, tashkilot bunday tashabbuslar orqali yosh avlod vakillarida ekologik mas’uliyat va barqaror ko‘nikmalarni shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zA