Bugundan oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida rasmiylashtiriladi
Ma’lumki, 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda yangi tartib kuchga kirdi. Yangi tizimga ko‘ra, bitimlar bo‘yicha pul hisob-kitoblari notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish orqali tekshiriladi.
Mazkur tartib 2025-yil 10-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida joriy etildi.
Ushbu farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 16-martda 3790‑son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi‑sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob‑kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida yangi tartib qo‘llaniladi.
Yangi tartib ko‘chmas mulk va transport vositalari bozorida shaffoflikni oshirish, naqd pul aylanmasini kamaytirish hamda fuqarolarni moliyaviy xavflardan himoya qilishga qaratilgan.
Yangi tartib ko‘chmas mulk ob’ektlari oldi-sotdisi, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari, maxsus avtotransport vositalari oldi-sotdisiga nisbatan amal qiladi.
Endilikda notariuslar shartnomani tasdiqlashdan oldin taraflar o‘rtasida pul hisob-kitoblari amalga oshirilganini banklar taqdim etgan elektron ma’lumotlar orqali tekshirib oladi.
Yangi tartibda bitimni amalga oshirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda xaridor bankka murojaat qiladi. Bu murojaat yozma yoki elektron shaklda bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi bosqichda bank tomonidan taraflar kelishgan mablag‘ eskrou hisobvarag‘iga joylashtiriladi. Eskrou hisobvarag‘i — pul mablag‘lari shartnoma rasmiylashtirilguncha xavfsiz saqlanadigan maxsus hisobvaraq hisoblanadi.
Uchinchi bosqichda notarius bank tizimi orqali pul mablag‘lari mavjudligini tekshirib oladi.
To‘rtinchi bosqichda shartnoma notarial tartibda tasdiqlanadi.
Shundan so‘ng pul mablag‘lari sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Bu tartib xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Yangi nizom kredit asosida amalga oshiriladigan bitimlarni ham qamrab oladi. Agar mulk yoki transport vositasi kredit hisobidan sotib olinsa, bank kredit ajratilgani haqida notariusga elektron ma’lumot yuboradi. Shartnoma tasdiqlangandan keyin pul mablag‘lari sotuvchiga o‘tkaziladi. Shuningdek, bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibida amalga oshiriladigan bitimlarda ham kelishilgan boshlang‘ich to‘lov eskrou hisobvarag‘iga kiritiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, eskrou orqali amalga oshiriladigan bitimlar uchun komissiya miqdori cheklandi. Ko‘chmas mulk bo‘yicha — BHMning 50 foizidan oshmaydi (206 ming so‘mgacha), avtotransport vositalari bo‘yicha — BHMning 25 foizidan oshmaydi (103 ming so‘mgacha).
Muhim jihatlar shundaki, agar xaridor va sotuvchiga bitta bank xizmat ko‘rsatsa — komissiya bir marta olinadi. Shuningdek, agar turli banklarda bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi. Bitim amalga oshmasa, mablag‘ xaridorga to‘liq qaytariladi. Belgilangan cheklovlar davlat ulushi mavjud banklar uchun amal qiladi. Boshqa tijorat banklarida komissiya miqdori ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi.
Ayrim xususiy banklar esa ushbu xizmatni 0 foiz komissiya bilan amalga oshirishini ma’lum qildi.
E’tiborli jihati shundaki, yangi tizim bir qator ijobiy natijalarni ta’minlaydi. Xususan, firibgarlik holatlari kamayadi. Naqd pul aylanmasi qisqaradi. Bitimlar xavfsizligi oshadi. Hisob-kitoblar shaffoflashadi. Fuqarolar huquqlari ishonchli himoya qilinadi. Shuningdek, yangi tartib ko‘chmas mulk va transport bozoridagi yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda. Eng muhimi elektron hamyonlardan ham foydalanish mumkin.
Yangi tartibda xaridorning bank kartasi, elektron hamyoni, talab qilib olinguncha hisobvarag‘i ham eskrou hisobvarag‘i sifatida foydalanilishi mumkin. Bu esa fuqarolar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ko‘chmas mulk va avtotransport bitimlarida, naqd pul bilan hisob-kitoblar ko‘pligi, firibgarlik holatlari, bahoni sun’iy pasaytirish kabi muammolar uchrab kelayotgan edi.
Yangi tartib ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. 2026-yil 1-apreldan joriy etilgan yangi tartib ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblarning shaffofligi va xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi. Endi notariuslar bitimlarni banklar taqdim etgan elektron ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi. Bu esa bozorda ishonchli va xavfsiz moliyaviy munosabatlarni shakllantirishga zamin yaratadi.
Yangi tizim orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari bozorida hisob-kitoblar yanada xavfsiz va qulay tarzda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA