Braziliya - keyingi bosqichda
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining pley-off bosqichida Braziliya terma jamoasi Yaponiya ustidan g‘alaba qozonib, 1/8 finalga chiqdi.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining pley-off bosqichida Braziliya va Yaponiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnashdi.
Xyuston shahridagi “NRG” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning 29-daqiqasida Kaisyu Sano raqib darvozasini ishg‘ol qilib, Yaponiyani oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limning 56-daqiqasida Kazemiro hisobni tenglashtirdi. 90+6-daqiqada esa Gabriel Martinelli gol urib, Braziliyaning g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, Braziliya terma jamoasi 2:1 hisobida zafar quchib, mundialning keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Endi braziliyaliklar 1/8 finalda Norvegiya hamda Kot-d’Ivuar terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Darvoqe, pley-offning yana ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Xususan, soat 01:30 da Germaniya – Paragvay, soat 06:00 da esa Niderlandiya – Marokash terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA