Sport sinovida yuqori natijalarga erishgan talabalar taqdirlandi
Andijon davlat pedagogika institutida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida yuqori natijalarga erishgan talabalarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Institut professor-o‘qituvchilari, sport boshqarmasi mutasaddilari hamda talaba yoshlar ishtirok etgan tadbir ochilishida so‘z olganlar tomonidan yurtimizda aholining, ayniqsa, o‘quvchi va talaba yoshlarning salomatligini mustahkamlash, sport bilan shug‘ullanishi, jismoniy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini ommalashtirish maqsadida turli yoshdagi fuqarolar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazib kelinmoqda.


Mazkur sport sinovlari joriy yilning may – iyun oylarida Andijon viloyatidagi barcha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan edi. Jumladan, Andijon davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan sport sinovlarining maxsus va ixtiyoriy talablari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan talabalar alohida e’tirof etildi.
Tadbirda sport sinovlarining maxsus talablar bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bir guruh talabalar O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari, tegishli guvohnoma hamda sport formalari bilan taqdirlandi.
Bu kabi taqdirlash tadbirlari viloyatdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri