“Boysun bahori” dunyo xalqlarini noyob etnofestivalga chorlaydi (+video)
Joriy yil may oyining dastlabki o‘n kunligida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida an’anaviy “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan festivalda dunyoning ko‘plab davlatlaridan mashhur folklor-etnografik san’ati ijrochilari, folklorshunoslar, san’at va madaniyat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, barhayot va o‘lmas nomoddiy madaniy meros muxlislari ishtirok etishi kutilmoqda.

Sayyoramiz xalqlarining ochiq osmon ostidagi do‘stlik, san’at va milliy qadriyatlar bayramiga aylanib qolgan festival kunlari ko‘hna Surxon vohasi xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan ham yanada gavjum bo‘ladi.
Bu yilgi festivalni tamomila yangicha mazmun va ko‘tarinki ruhda tashkil etish uchun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan Bibishirin mahallasidagi muhtasham turizm majmuasida tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Hududda milliy folklor jamoalari chiqishlari, turli sport o‘yinlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni ko‘zdan kechirdi. Uzoq-yaqindan keladigan mehmonlarni munosib kutib olish, Termiz shahri va tumanlar, korxona, tashkilotlar qo‘rg‘onlarini tashkil etish, tariximiz, milliy qadriyat va urf-odatlarimiz aks etgan ko‘rgazmalar bilan bezash, jamoat tartibini saqlash, yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilash, mehmonlar va barcha ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish kabi masalalar yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.

– Boysun tumanida an’anaviy “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha barcha topshiriqlar berildi, – deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi rahbari Iskandar Temirov. –Rejaga ko‘ra, bu yil o‘tgan yillardagi festivalga nisbatan ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladigan tadbirlar juda ko‘p. Turizm yo‘nalishida ham, folklor san’ati sohasida ham yangi loyihalar amalga oshiriladi. Surxondaryoning tarixi, hozirgi kuni, kelajagi to‘g‘risidagi tasavvurlari boyitiladi. Sport bellashuvlari, qiziqarli konsert dasturlari va boshqa festivallar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Dunyoning turli davlatlaridan, O‘zbekistonning barcha hududlaridan minglab, millionlab insonlarning nigohi aynan “Boysun bahori”ga qaratiladi.
Viloyat rahbari soha mutasaddilarining taqdimotlari bilan tanishdi. Boy tariximizni, o‘tmishdan saqlanib qolgan serjilo noyob milliy qadriyat va an’analarimizni, vohaning turistik salohiyatini keng namoyish etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HChrYDy5Epg" title="“Boysun bahori” dunyo xalqlarini noyob etnofestivalga chorlaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri