Bosh vazir o‘rinbosari talabalar huzurida
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Urganch davlat universitetida talaba-qizlar bilan uchrashdi.
Rahbar va yoshlar uchrashuvida yurtimizda yoshlarga, xususan, qizlarning ta’limi, kasbga yo‘naltirilishi va jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z bordi. Yoshlarning yetakchilik salohiyatini oshirish, ularni davlat va jamoat boshqaruvida faol ishtirok etishga undash, shuningdek, gender tengligi va huquqiy ongni rivojlantirish masalalari qayd etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning hayotda munosib o‘rin topishi, puxta ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun olib borilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Muloqot davomida Bosh vazir o‘rinbosari qizlarni oilaga tayyorlash, erta nikohning salbiy oqibatlari, avvalo, hayotiy tajriba va mas’uliyatni his etgan holda oila qurish muhim ekani alohida ta’kidladi.

– Bu uchrashuv men uchun shunchaki tadbir emas, balki katta hayotiy dars bo‘ldi, – deydi Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi, talaba Iroda Rahimova. – Ayol kishi jamiyatda faqat kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi bo‘lishi kerak ekanligini, prezidentimiz tomonidan bizga berilayotgan imkoniyatlar, grantlar va xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirilganda, zimmamizdagi mas’uliyatni yanada chuqurroq his qildim. “Sizlar ertangi kunning rahbarlarisiz”, degan gaplari menga juda katta kuch berdi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda talaba-qizlar o‘z fikr-mulohazalari bilan faol qatnashdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri