“Boqiy shahar” xalqning birligi va do‘stlik ruhini namoyon etadi
Chiroqlar nuri qayerdan kelayotgani bilinmaydi. Tarixiy qiyofadagi binolar va minora lahzada turli ranglarga kiradi.
Milliy va Yevropa ruhidagi ohanglar yangraydi. “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i ertaknamo tus oladi.

Yigitlar raqsida ishonch va shiddat qorishib ketadi. Milliy liboslarga Yevropa an’analari uyg‘unlashgandek ko‘rinadi. Bir vaqtda shitob bilan ko‘kka ko‘tarilgan qo‘llar, shahdam tashlangan qadamlar harakatida birdamlik va ritm namoyon bo‘ladi. Bu oddiy raqs emas, unda xalqning birligi, do‘stlik ruhi, bir-birini so‘zsiz tushunisha namoyon bo‘ladi...

Xabaringiz bor, kecha Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqand shahrini tomosha qildi. Xususan, Registon maydoni hamda “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘iga borildi.

Mehmonlar Sharq shaharsozligi durdonalarini, me’moriy yechimlar va bezaklarining o‘ziga xos jihatlarini e’tirof etdi.

Tarixiy-etnografik bog‘dagi hunarmandchilik va amaliy san’atni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, raqs jamoalarining chiqishlari Italiya delegatsiyasini hayratda qoldirdi.
[gallery-23639]
Ikrom AVVALBOEV,
Rustam NAZARMATOV (surat),
O‘zA muxbirlari