Bolalarda “lab va tanglay yorig‘i” muammosi bepul davolanadi
Chirchiq shahridagi viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Koreya Respublikasining Seul milliy universiteti stomatologik klinikasi mutaxassislari ishtirokida xayriya jarrohlik amaliyoti tashkil etilmoqda.
Jarayonda “lab va tanglay yorig‘i” (quyon lab va bo‘ri tanglay) tashxisi bilan Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan 20 nafardan ziyod bolalar operatsiya qilinadi. Undan tashqari, poytaxtda kam ta’minlangan va nafaqadagi 22 nafar insonlarga bepul tish protezi yasash va qo‘yish amaliyotlari o‘tkaziladi.


Dastlab shu munosabat bilan tashkil etilgan muloqotda Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, Ibn Sino jamoat fondi vakillari, Seul Milliy Universiteti Stomatologiya klinikasi professorlari va shifokorlar qatnashdi. Unda mazkur tashabbusning ahamiyati, erishiladigan natijalar va kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ushbu amaliyotlar 2022, 2023 va 2025-yillar davomida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va 100 nafardan ortiq bolalarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Jarayonda tashkilotchilar tomonidan ushbu xayrli ishlarda ijtimoiy tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan, faol ishtirok etgan insonlarga “Ibn Sino” mukofoti topshirildi.


Mazkur hamkorlik doirasida endi Seul Milliy Universiteti Stomatologik klinikasi professorlari tomonidan YeM Universiteti mutaxassis va talabalari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar o‘qiladi. Ushbu loyiha doirasida uch tomonlama strategik hamkorlik memorandumi imzolanadi va keyingi yillarga hamkorlik rejalari belgilab olinadi.

– Ushbu xayriya amaliyotlari Ibn Sino jamoat fondining Toshkent viloyati filiali tomonidan ijtimoiy sheriklik doirasida Toshkent viloyat hokimligi, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, EMU Universiteti va Seul Milliy Universiteti Stomatologik klinikasi (Janubiy Koreya) bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda, – deydi Ibn Sino jamoat fondi Boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov. –Buning natijasida ko‘plab bemor bolalar tuzalishi bilan birga, moddiy yordam ham bo‘ladi. Sababi avvallari bu turdagi tibbiy muammolarga davo topish uchun oilalar xorijdagi shifoxonalarga borishiga to‘g‘ri kelar edi. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli ko‘plab ota-onalar endi bunday ortiqcha vaqt va xarajatlardan xalos bo‘ldi.

– Ayrim onalarda homiladorlikning erta bosqichlarida o‘tkazilgan o‘tkir respirator hamda turli yuqumli kasalliklar natijasida tug‘ilgan chaqaloqlarda tug‘ma nuqsonlar kuzatiladi. Bu asosan yuzning lab va tanglay qismi odatdagi ko‘rinishdan farqli shakllanishida namoyon bo‘ladi. Bunday muammolarni bartaraf etishda zamonaviy tibbiy xizmatlar orqali bolalarni sog‘lomlashtirish imkoniyati kengaymoqda. Shu maqsadda joriy yil boshida koreyalik mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan xayriya tibbiy ko‘riklari davomida jarrohlik amaliyotiga muhtoj bolalar saralab olindi. Mazkur sa’y-harakatlarda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2027-yilda koreyalik hamkorlar bilan birgalikda hududda qariyb 150 nafar bolaga bepul jarrohlik amaliyotlari va muolajalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston – Koreya ilmiy tibbiy forumini o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.