Bolalar uchun xavfsiz va mazmunli ta’til tashkil etiladi
Yozgi ta’til davrida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish hamda sog‘lom dam olishini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizdagi “Kelajak” markazlari va ta’lim muassasalarida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Respublika “Kelajak” markazi hamda hududiy markazlar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida yozgi ta’til kunlarida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, oromgohlar va to‘garaklar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda “Kelajak” markazlarida jami 8 ming 240 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. Shundan 4 ming 961 tasi yozgi mavsum davomida ishlab, 132 ming 942 nafar bolani qamrab olishi kutilmoqda.

Shuningdek, ta’lim muassasalari huzurida 1 ming 242 ta sog‘lomlashtirish maydonchasi bepul tashkil etiladi. Ularda 156 ming 475 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan.
Mazkur maydonchalarda yozgi ta’tilni qiziqarli va mazmunli tashkil etish maqsadida 11 ming nafardan ortiq pedagog jalb qilinadi.

Bundan tashqari, yozgi sog‘lomlashtirish ishlari doirasida 50 ta “Kelajak” markazi negizida ham sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilgan.

Uchrashuvda ta’til davrida bolalarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yo‘naltirish ishlari samaradorligini oshirish hamda yozgi oromgohlarga keng jalb etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bu kabi tashabbuslar yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi va bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA