Yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi
Navoiy viloyati Navbahor tumanida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tuman hokimi Alisher Rashidov hamda Xitoyning Xinjiang Huier Agricultural Group Co., Ltd kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida investorning O‘zbekistondagi ZHONGHUA HUTUBI TASHKENT GREEN LAND MChJ korxonasi tomonidan Navbahor tumanida dorivor o‘simliklar yetishtirish, yer maydonlarini samarali o‘zlashtirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga qaratilgan bir qator investitsiya loyihalari taqdim etildi.

Muzokaralar chog‘ida mazkur tashabbuslarning iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tomchilatib sug‘orish tizimlarini keng joriy etish va yuqori hosildorlikka erishish masalalari ham muhokama qilindi. Xitoylik investorlar zamonaviy texnologiyalar asosida dorivor o‘simliklar yetishtirish va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ishlar olib borish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri