Bolalar jarrohligi bo‘yicha xalqaro mahorat darsi
Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida bolalar jarrohligi sohasidagi eng so‘nggi yutuq va uslublarga bag‘ishlangan xalqaro mahorat darsi o‘tkazildi.
Dunyoning nufuzli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda Polsha, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Iroq, Tunis davlatlaridan kelgan hamda yurtimizning taniqli professorlari, mazkur soha bo‘yicha mahoratli tibbiyot xodimlari qatnashdi.

Uch kunlik o‘quv davomida chet ellik mutaxassislar o‘zbekistonlik shifokorlar bilan birgalikda bolalar jarrohligidagi eng zamonaviy va ilg‘or yondashuvlarni amaliyotda ko‘rsatib berishdi. Jumladan, minimal invaziv jarrohlik (kam shikast yetkazuvchi, kichik kesimlar orqali operatsiya qilish), intervension bronxoskopiya hamda gipospadiyani jarrohlik yo‘li bilan davolash kabi murakkab yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tildi.

– Ushbu master-klass nafaqat yurtimiz mutaxassislari, balki qo‘shni davlatlar shifokorlari uchun ham katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi, – deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi bosh shifokori Jamshid Shamsiyev. – Unda malaka oshirish va yangi texnologiyalarni o‘rganish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistondan kelgan shifokorlar va ordinatorlar qatnashdi. Shuningdek, respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan soha mutaxassislari ham o‘zlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi, tajriba va malaka oshirdi. Bu kabi xalqaro tadbirlar O‘zbekistonda bolalar tibbiyoti va jarrohligi sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Mashg‘ulotlar yakunida barcha ishtirokchilarga xalqaro darajadagi maxsus sertifikatlar topshirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri