Bokuda ayollar masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA) doirasida “CICA makonida barqaror rivojlanish yo‘lida ayollar rolini faollashtirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda CICA Xotin-qizlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Qayd etish joiz, bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, mazmunan boyib bormoqda. Shu ma’noda, mazkur xalqaro muloqot maydoni xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Z.Maxkamova o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash hamda ularning jamiyatdagi faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etdi. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, gender tenglikka erishish strategiyasi va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova ham ishtirok etgan mazkur anjumanda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishlariga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e’tirof etildi.
O‘.Alimov, O‘zA