Bokschi qizlarimiz qit’a chempionatini 5 ta medal bilan yakunladi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionati doirasidagi ayollar o‘rtasidagi yakuniy janglar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 5 ta medalga ega chiqdi.
Bugun, 9-aprel kuni terma jamoamiz a’zolaridan Aziza Zokirova -75 kilogrammda xitoylik Bao Sziga, Ruxshona Parpiyeva -80 kilo og‘irlikda qozog‘istonlik Nadejda Ryabetsga imkoniyatni boy berib, qit’a chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Chempionatning yarim final janglarida bokschi qizlarimizdan Nigina O‘ktamova (-57), Oysha Toirova (-70) va Oltinoy Sotimboyeva (+80) bronza medal bilan kifoyalangan edi.
Ushbu natijalar O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolarining qit’a birinchiligini 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan yakunlashiga olib keldi.
Ertaga, 10-aprel kuni erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladigan final musobaqalarida terma jamoamizning 5 nafar a’zosi g‘oliblik yo‘lidagi janglarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA