Bog‘dorchilikda yangi marralar
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bog‘dorchilik va uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirish, aholini sifatli meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda respublikaning barcha toifadagi xo‘jaliklarida 7 ming 260 gektar mevali bog‘ va 1 ming 523 gektar tokzor mavjud. Shundan 5 ming 841 gektarini hosildor bog‘lar, 1 ming 250 gektarini esa asl navli tokzorlar tashkil etadi.
Joriy yilda mavjud bog‘ va tokzorlardan 84 ming tonna meva hamda 17,1 ming tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 105 foiz o‘sishni ta’minlashi kutilmoqda.
[gallery-30054]
Sohani yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda 1,5 ming gektar maydonda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish belgilangan. Bahorgi mavsumda 851 gektar maydonda mevali bog‘lar va 103 gektar maydonda yangi tokzorlar tashkil etildi.
Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Kegeyli tumanidagi ilmiy-tajriba stansiyasida ham bu borada samarali ishlar olib borilmoqda. Stansiyaning 7 gektarli bog‘ida olma va shaftoli yetishtirilib, xorijiy hamda duragay olma navlarining mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvi va hosildorligi o‘rganilmoqda.
Shuningdek, aholi va xo‘jaliklarni sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida stansiyada 60 ming dona meva ko‘chati tayyorlanmoqda. Bu esa respublikada bog‘dorchilik tarmog‘ini yanada kengaytirish va sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat,video),O‘zA