Biznes-ombudsman tadbirkorlarga yaqin ko‘makdosh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi.
Qonunga binoan, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilishini o‘rganish hamda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta’siri samaradorligini baholash Biznes-ombudsmanning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.
“Uztex Uchkurgan” korxonasi “Uztex Uchkurgan” va “Uchkurgan textile” zavodlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, ushbu yirik korxona zamonaviy usulda paxta va aralash toladan ip-kalava, qatlangan ip, momiq mato va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Salkam 16 gektar maydonni egallagan mazkur majmua qurilishi, yangi zamonaviy texnologiya va jihozlar sotib olishga qariyb 120 million AQSH dollari yo‘naltirildi.

Majmua yiliga 30 ming tonna ip-kalava va 7 ming tonna momiq mato ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bu yerda 4 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Asosiysi, korxonaning yillik eksport salohiyati 50 million dollarga teng. Uchrashuvda korxona mas’ulining sohani rivojlantirishga oid taklif va muammolari eshitildi hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rish uchun qabul qilindi.
Keyingi manzil tumanning Sohil mahallasida “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida tashkil etilgan “Uchqo‘rg‘on farel baliqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Mahalliy tadbirkor tomonidan yangi kooperatsiya usulida baliqchilik xo‘jaligida ishlar olib borilmoqda, 100 ta baliq yetishtirish uchun hovuzlar bitkazildi, farel balig‘i chavoqlari yetishtirilmoqda. Hozirda aholi bandligini ta’minlash maqsadida MCHJ kooperatsiyasiga yana 500 ta oila biriktirildi.
Biznes-ombudsman devoni mutasaddilari tomonidan hududlarda tadbirkorlik sub’ektlari bilan joyiga chiqqan holda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularda ishbilarmonlarning murojaatlari tinglanmoqda. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, unda ko‘tarilgan masalalar, mavjud muammolar yechimi bo‘yicha asosli takliflar ishlab chiqiladi.

– Joriy yilning o‘tgan davrida Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan 389 murojaat kelib tushdi. Shundan 342 tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 70 foizi ijobiy hal etildi, – deydi Biznes-ombudsman vakil devonining Namangan viloyatidagi mas’ul xodimi Sultonbek Mamatov. – Qolaversa, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali 600 ga yaqin tadbirkorlarning murojaatlari vakolatli tashkilotlarga ijro uchun yo‘naltirilib, nazoratga olingan holda ijrosi ta’minlandi.
Bundan tashqari, o‘rganish va tahlil natijalarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 123 ta ta’sir chorasi qo‘llanildi. Jumladan, 109 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Tashkilot va idoralarga qonun buzilishi holatlarining oldini olishga qaratilgan 4 ta taqdimnoma, 6 ta ogohlantirish kiritildi. Shuningdek, sudlarga tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ko‘zlab, 500 million so‘mdan ortiq 4 ta da’vo arizasi kiritilib, ular to‘la qanoatlantirilishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA