Bitta vujud – ikki shaxs. Denovlik Siam egizaklari qanday yashamoqda?
Fotima va Zuhra Holiyevalar – O‘zbekistondagi yagona ajralmas siam egizaklari. Ular 2012-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida dunyoga kelgan. Taqdir taqozosi bilan qizaloqlar bir muddat Andijon viloyatidagi “Muruvvat uyi”da tarbiya olgan. 2025-yil boshida esa Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magida o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi. Hozirda tumanning Qo‘zichoqli mahallasida yashab, hududdagi 23-maktabda tahsil olmoqda.
Ularga barcha zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ta’lim olishlari uchun maxsus pedagoglar jalb etilgan. Qizlar uyda emas, balki tengdoshlari qatori maktabda o‘qishni afzal ko‘rgani uchun maktabda inklyuziv sinf tashkil etildi. Bu esa ularning jamiyatdan uzoqlashmasdan, aksincha, faol ijtimoiy hayot kechirishi uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Fotima va Zuhraning hayot tarzi albatta boshqalardan farq qiladi. Ular bir tanada yashasalar-da, ikki xil fikrlash va dunyoqarashga ega. Fotima – chaqqon va so‘zamon, Zuhra esa teran fikrlovchi, fantaziyasi kuchli va intellektual salohiyati yuqori.
O‘qituvchilarning ta’kidlashicha, ular ilk bor maktabga kelganidayoq o‘zlarini juda xotirjam va vazmin tutgan. Ko‘p hollarda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarda jamiyatdan uzilish kuzatilsa, bu egizaklar bundan mutlaqo yiroq. Ular insonlarni yaxshi ko‘radi, o‘zlaridan uyalmaydi va o‘z imkoniyatlarini namoyon etishdan qo‘rqmaydi.
Albatta, kundalik hayotda qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Biri ovqatlansa, ikkinchisi kutib turadi, biri uyg‘onib ketsa, ikkinchisining ham uyqusi buziladi. Ayrim paytlarda Fotimaning shoshqaloqligi Zuhraga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Lekin ular buni sabr va o‘zaro tushunish bilan yengib o‘tadi.
Mutaxassislar tomonidan ularni ajratish masalasi bir necha bor o‘rganilgan. Biroq tos-chanoq sohasidagi umumiy a’zolar sabab operatsiya qilish imkoni mavjud emas.
Qizlar nafaqat nazariy, balki amaliy fanlarda ham faol. Ular har yili o‘tkaziladigan “Sen iste’dodlisan” ko‘rik-tanlovida rassomchilik va akademik qo‘shiqchilik yo‘nalishlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Shuningdek, voleybol sporti bilan ham shug‘ullanib, turli musobaqalarda ishtirok etishayotir.
[gallery-28628]
Fotima va Zuhra – ikki tanadagi yagona kuch, iroda va iste’dod namunasi. Ularning hayotga bo‘lgan muhabbati, o‘ziga ishonchi va yashashga intilishi har qanday insonni hayratga soladi.
– Farzandlarimni mahallamizda hamma yaxshi ko‘radi, - deydi egizaklarning onasi Shohida Berdiyeva. – Hech bir tadbir ularsiz o‘tmaydi. Yaqinda shifoxonada davolanib keldim. Qizlarim uy ishlarini ham, darslarini ham eplab ketishdi. Ba’zan nega ularni avvalroq olib kelmadim, deb o‘ylayman. Farzand – Yaratganning ne’mati. Hech bir bola ota-onasidan ayro bo‘lmasin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Fotima va Zuhra Holiyevalarning hayoti – inson irodasi, sabr-toqatining yorqin namunasidir. Ular jismoniy jihatdan boshqalardan farq qilsa-da, orzu-intilishlari, qobiliyati va hayotga bo‘lgan muhabbati bilan hech kimdan kam emas. Muhimi, ular o‘zlarini jamiyatning ajralmas qismi ekanligini his etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DM1Y5VRWDYQ" title="Bitta vujud – ikki shaxs. Denovlik Siam egizaklari qanday yashamoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA