Bitiruvchilar bandligi — ustuvor vazifa: bank va universitet hamkorligi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har payshanba kunining “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi o‘g‘il-qizlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ular bilan ochiq muloqot o‘rnatishda yangi tizimni boshlab berdi. Bu boradagi islohotlarning uzviy davomi sifatida Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni innovatsion biznes loyihalariga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi.

“O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tashkil etilgan ushbu muloqotda 500 ga yaqin yigit-qiz ishtirok etib, o‘zlarining startap g‘oyalari va istiqbolli rejalarini bayon etdilar. Ta’kidlash joizki, joriy yilda mazkur universitetning 2 500 nafarga yaqin talabasi katta hayot ostonasiga qadam qo‘yadi. Ularning ilmiy salohiyatidan agrar sohada samarali foydalanish maqsadida bank va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomurodov qayd etganidek, bugungi kunda yoshlarning 20 million so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan qiymatdagi loyihalari bank tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligida yangi ish o‘rinlari yaratilishi va sohaga innovatsion yechimlar kirib kelishiga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan bildirilgan 11 ta murojaat va takliflar atroflicha o‘rganildi. Natijada “Biznes progress” kredit mahsuloti doirasida 1,4 milliard so‘mlik 2 ta yirik loyiha hamda “Tadbirkorlikka ilk qadam” dasturi asosida jami 260 million so‘mlik 13 ta loyiha taqdim etildi.
Tadbirda ishtirok etgan bitiruvchi Nurmuhammad Abdujabborovning agroshifoxona ochish bo‘yicha ilgari surgan startap g‘oyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Zararkunandalarga qarshi biologik kurashish va dehqonlarga ilmiy asoslangan ko‘mak berishni maqsad qilgan ushbu loyihaning ijobiy baholangani yosh mutaxassislar uchun berilayotgan yuksak imkoniyatning amaliy ifodasidir.
Dastur doirasida talabalar nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki biznes-rejalarni shakllantirish, imtiyozli kreditlar olish tartibi va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy jihatdan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutaxassislardan zarur tavsiyalar oldi. Bu kabi uchrashuvlar bitiruvchi yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishi, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Yoshlar va bank vakillari o‘rtasidagi bunday yuzma-yuz muloqotlar faqatgina moliyaviy masalalarni yechish bilan cheklanib qolmay, balki ertamiz egalarining o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, ilm va tadbirkorlik uyg‘unligi agrar sohani yangi bosqichga olib chiquvchi asosiy kuchdir. Bugungi yoshlarning tashabbuslari esa yaqin kelajakda yurtimizning oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda o‘z mevasini beradi.
Madina Nasriyeva,
O‘zA