Birlashgan o‘zar...
Bugun Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masala o‘ta jiddiyligi bilan mutaxassislar e’tiborini tortmoqda. Ayniqsa, suv muammosi. Zero, dehqonchilik, bog‘dorchilik kabi muhim yo‘nalishlarda yetishtiriladigan hosil aynan obi hayot bilan bog‘liq. Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida ayni mavzular keng muhokama qilinadi. Ushbu anjumanlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida va iste’molda suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanilishini ta’minlash bepoyon mintaqamiz uchun ulkan iqisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.
Umuman, davlatimiz rahbari deyarli barcha nufuzli xalqaro tadbirlar, oliy darajadagi uchrashuvlarda suv xavfsizligi masalasiga ustuvor ahamiyat beradi. Xususan, mamlakatimiz yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari yettinchi Maslahat uchrashuvida mazkur yo‘nalishni strategik vazifa sifatida belgilab, 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surgan edi.
Shu bilan birga davlatimiz rahbari Afg‘onistonni ham Amudaryo havzasidan birgalikda foydalanish bo‘yicha hamkorlikka chorlab, suv taqsimoti hayotiy masala ekani, ayni yo‘nalishdagi muammolarga hamjihat yechim topish zarurligini ta’kidlab keladi.
O‘tgan yil noyabr oyida Toshkent shahri mezbonlik qilgan, sohaga doir hamkorlik va qonunchilikni takomillashtirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda suv muammolarini hal etish yo‘lini qidirayotgan yetakchi xalqaro ekspertlar, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Shveysariya taraqqiyot agentligi va boshqa qator donorlar ishtirok etgan edi.
Amaliy muloqot maydoniga aylangan o‘sha yig‘ilishda asosiy e’tibor suvni tejamkor va barqaror boshqarish, transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish, sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suv siyosatini har bir mamlakat ehtiyojini inobatga olgan holda yangilash masalalariga qaratildi. O‘zbekistonning yangi Suv kodeksi taqdim etilgani anjumanning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi. Qabul qilingan mazkur huquqiy hujjat mamlakatimiz suv siyosatini mutlaq yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida Ostonada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi anjumanlarda ham ekologiya, iqlim o‘zgarishi va suv masalalarida muhim kelishuvlarga erishiladi, degan umiddamiz.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA