Beybut Atamkulov: Markaziy Osiyo – barqaror, xavfsiz va jadal rivojlanayotgan hudud
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik mazmun jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti, hududlar kesimidagi uchrashuvlar va aniq iqtisodiy loyihalar ikki tomonlama aloqalarni nafaqat mustahkamlamoqda, balki butun Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida shu haqda fikr bildirdi.
– Yaqinda Buxoro shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu format 2023-yildan buyon izchil davom etmoqda. Chimkent, Xiva, Olmaotadan so‘ng bu gal Buxoro tanlandi. Muhimi, uchrashuvlar poytaxtlarda emas, hududlarda o‘tkazilayotgani rahbarlarga joylardagi rivojlanishni bevosita ko‘rish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda global o‘zgarishlar, xususan Yaqin Sharqdagi vaziyat ta’siri Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmayapti. Tabiiyki, bunday sharoitda davlat rahbarlari o‘zaro maslahatlashib, umumiy yondashuvni shakllantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Asosiy yo‘nalishlardan biri – transport va logistika. Mintaqamiz dengiz portlaridan uzoqligi yangi yo‘nalishlar izlash va kooperatsiyani kuchaytirishni taqozo qiladi.
Suv resurslari, iqlim o‘zgarishi va ekologiya masalalari ham dolzarb. Buxorodagi uchrashuvda “toza havo” mavzusi alohida ko‘tarildi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston ilgari surgan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Iqtisodiy hamkorlik o‘zaro munosabatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan elektr energiyasi, neft va gaz yo‘nalishidagi hamkorlik kengayib borayotgani quvonarli. Geologiya, jumladan nodir metallar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh faoliyat boshladi. Transport sohasida esa barqaror o‘sish kuzatilmoqda: 2023-yil ikki mamlakat o‘rtasida 32 million tonnadan ortiq yuk tashildi, yillik o‘sish 16-18 foizni tashkil etdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida qo‘shma loyihalar to‘plami shakllantirilmoqda. Umumiy qiymat 8 milliard dollarga yetishi mumkin. Shuningdek, o‘zaro tovar yetkazib berishni kuchaytirish orqali ichki imkoniyatdan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rilmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar yuqori darajada. O‘zbek va qozoq xalqlarini tarixiy yaqinlik, umumiy qadriyat va qardoshlik bog‘lab turadi. Bu esa sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyo iqtisodiyotining asosiy drayverlari hisoblanadi. Ikki mamlakat yalpi ichki mahsuloti taxminan 480 milliard dollarga teng bo‘lib, aholi ulushi ham mintaqaning salmoqli qismini tashkil etadi.
Xullas, Markaziy Osiyo hozir barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy o‘sish nuqtai nazaridan eng istiqbolli hududlardan biriga aylanmoqda. Shu bois mintaqamizga investitsiya va texnologiya rivojlanishi uchun jozibador makon sifatida qaralmoqda.
O‘zA muxbiri Dilshod Hakimov yozib oldi.