Benzin narxlari umumiy hisobda 3,1 foizga qimmatlashdi
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan joriy yil avgust oyidagi O‘zbekiston Respublikasida iste’mol narxlari indeksi e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,5 foizga pastlagan. Yillik inflyatsiya esa o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 8,8 foizgacha, meva va sabzavotlarni hisobga olmaganda esa 9,6 foizgacha sekinlashgan.
Avgust oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar 0,3 foizga qimmatlashdi.
Asosiy mahsulotlar orasida avgust oyi davomida narxlarning o‘sishi qo‘y go‘shti — 1,4 foiz (+28,5 foiz), suyaksiz mol go‘shti — 0,7 (+25,7 foiz), suyakli mol go‘shti — 0,2 (+24,9 foiz), tuxum — 2,7 (yiliga -6,6 foiz), boshqa parrandalar go‘shti — 1,9 (+6,4 foiz), paxta yog‘i — 1,6 (+39,4 foiz), shakar — 0,1 foiz (-4,5 foiz)ga o‘zgargan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bozorlarida mol go‘shtining arzonlashtirilgan narxlarda (kg uchun 65−75 ming so‘m oralig‘ida) faol sotilishi o‘rtacha narxga ta’sir ko‘rsatgan va go‘sht narxlari indeksi uchun sekinlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilgan.
Avgust oyi davomida guruch va guruch oqshog‘i narxi 0,1 (yil davomida — 17,2 foiz), so‘k (toza tariq) yormasi — 0,2 (+3,6 foiz), oliy navli undan tayyorlangan non — 0,2 (+2,1 foiz), karamel konfetlari — 0,2 (+3,4 foiz), ugra — 0,4 foizga (+3,5 foiz) arzonlashdi.
Shuningdek, avgust oyi davomida asosiy meva-sabzavot mahsulotlaridan tarvuz 28,7 (+9,9 foiz), qovun 11,7 (+3,7 foiz), karam 11,4 (+46,5 foiz), kartoshka 3,5 (+32 foiz), banan 2,8 foizga (-7 foiz) sezilarli darajada qimmatlashdi.
Pomidor — 16,8 (-34,7 foiz), uzum — 5,4 (-39,5 foiz), baqlajon — 4,3 (-12,4 foiz), bodring — 3,1 (-15,3 foiz), sabzi — 3,1 (+69,1 foiz), bulg‘or qalampiri — 2,8 (-16 foiz), piyoz — 2,3 (+40,1 foiz), olma — 1 foizga (-16,6 foiz) arzonlashdi.
Hududlar kesimida oylik eng yuqori inflyatsiya Buxoro viloyatida (0,7 foiz), yillik hisobda esa Farg‘ona viloyatida (9,7 foiz) qayd etildi.
Benzin narxlari umumiy hisobda 3,1 foizga, AI-80 markali benzin esa 4,6 foizga qimmatlashdi. Bir litr AI-80 o‘rtacha narxi 8746 so‘mni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, eng yirik Carvon yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida (sobiq UNG Petro) narx litri uchun 9100 so‘mgacha ko‘tarildi.
Ushbu oy davomida propan narxi 0,6 foizga (-6,1foiz) oshdi, yuqori narx chegarasi litri uchun 6000 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan oyda metan narxi sezilarli o‘zgarishlarga uchramadi va o‘tgan yilning avgustiga nisbatan 31 foizga yuqoriligicha qoldi.
Avtoturargoh xizmatlari o‘rtacha 0,7 foizga (+13,6 foiz), haydovchilik kurslarida o‘qish — 1,6 foizga (+71,3 foiz), shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari — 0,6 foizga (+11,7 foiz) qimmatlashdi.
Yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari bir oy ichida 0,1 foizga arzonlashdi. Bunga kuzatilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar va samolyot chiptalari narxining pasayishi sabab bo‘ldi, bu, o‘z navbatida, milliy valyutaning mustahkamlanishi bilan bog‘liq.
Avgust oyi davomida dori-darmonlar narxi 0,2 (+8,1 foiz), ambulator davolash xizmatlari 0,4 (+9,7 foiz), sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar 0,6 foizga (+11,6 foiz) oshdi. Shuningdek, avgust oyida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) oshishi bilan bog‘liq bir qator pulli xizmatlarning keskin qimmatlashishi kuzatildi. Jumladan, huquqiy xizmatlar narxi 9,9 foizga ko‘tarildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA