Belbog‘li kurash: Nukusda O‘zbekiston chempionlari aniqlandi
Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida uch kun davom etgan O‘zbekiston chempionati bellashuvlari mamlakatimizning 2026-yildagi eng mahoratli sportchilarini aniqlab berdi.
Murosasiz bellashuvlarda mamlakatimizning turli hududlaridan 300 nafarga yaqin polvonlar g‘oliblik uchun bellashdi. Chempionatning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri Yerkinboy Qutiboyev, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi bosh kotibi Abduhalil Malikov va boshqalar musobaqalar yosh iqtidorlarni aniqlash bilan birga aholi uchun chinakam sport bayramini tuhfa etayotganligini ta’kidladi.

Milliy terma jamoa safiga mahoratli sportchilarni saralash vazifasini o‘tagan musobaqaning final bahslari natijasiga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida Muhammadyusuf Jakbaraliyev, Jamoliddin Ne’matullayev, Abutolib Mahkamov, Zaylobiddin Ortiqov, Diyorbek Polvonboyev, Sardorbek Sodiqjonov, Dilshodbek Oybekov, O‘rinboy Abdusamatov, Gulsanam Soliyeva, Manzuraoy Mo‘ydinova, Zemfira Azatova singari kurashchilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Musobaqalarda kuchli uchlikdan o‘rin egallagan sportchilar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA.