Bayrog‘imiz – 33 yoshda!
Raqamli texnologiyalar vazirligida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Millatimiz bayrog‘i – 33 yoshda” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.
Tadbirni raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan samimiy tabrikladi.

Barchani bayrog‘imizni qadrlash, e’zozlash, hurmat ko‘rsatish bo‘yicha chellenjda faol ishtirok etishga chaqirdi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan hududlarda foydalanilish mumkinligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar – Faxriddin Hayit hamda Rustam Mirvohid ishtirokida “She’r aziz olam aro...” ijodiy uchrashuvi tashkil qilindi. Ular “Davlat bayrog‘ining mamlakat va insonlar hayotida tutgan o‘rni” va “Bayrog‘im – faxrim” mavzularida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shoirlarning ona Vatan, hayot, ota-ona, odamiylik, mehr-muhabbat kabi mavzularda o‘qilgan she’rlari tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘zgacha kayfiyat bilan kutib olindi.

N.Rahmonova, O‘zA