Bayram sayli
Buxoro davlat universitetida “Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida bayram sayli tashkil etildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, mehmonlar hamda jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi. Universitet hududi bayramona bezatilib, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Fakultetlar tomonidan tayyorlangan chiqishlar, milliy liboslar va xalqona bezaklar Navro‘zning o‘ziga xos ruhini yanada yaqqol namoyon etdi.
Sayl davomida sahna chiqishlari, folklor kompozitsiyalar, milliy qo‘shiq va raqslar namoyish etildi. Ijodiy jamoalar tomonidan tayyorlangan dasturlar nafaqat tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi, balki milliy merosimizning naqadar boy va rang-barang ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, iqtidorli talabalarning chiqishlari tadbirga alohida fayz va shukuh baxsh etdi.
Shuningdek, bayram doirasida sumalak, halim, ko‘ksomsa kabi milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu taomlar nafaqat milliy oshxonamizning ajralmas qismi, balki xalqimizning mehr-oqibati, birdamligi va bag‘rikengligining ramzi sifatida namoyon bo‘ldi.
–Navro‘z bayrami har yili men uchun alohida ahamiyatga ega,–deydi universitetning Xorijiy tillar fakulteti talabasi Nozanin Axtamova.–Bugungi tadbir esa yanada unutilmas bo‘ldi. Universitetimizdagi bayram muhiti, milliy qo‘shiqlar, raqslar va ko‘rgazmalar qalbimga iliqlik baxsh etdi. Ayniqsa, talabalarning birgalikda tayyorgarlik ko‘rib, shunday chiroyli chiqishlar namoyish etgani juda quvonarli. Men uchun Navro‘z yangilanish, orzularga yangi qadam qo‘yish, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlash demakdir. Bu bayramda barcha yomonliklar unutilib, yaxshi niyatlar bilan yangi hayot boshlanadi, deb o‘ylayman. Milliy taomlar ko‘rgazmasi va sahna chiqishlari menga juda yoqdi. Har bir fakultetning o‘ziga xos yondashuvi borligi ko‘rinib turdi. Bu esa talabalarning ijodkorligi va faolligini yanada namoyon qildi.
[gallery-28442]
Universitetida o‘tkazilgan Navro‘z sayli nafaqat bayramona tadbir, balki milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi, yoshlarda vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim ma’naviy anjuman bo‘ldi. Ushbu sayl universitet jamoasini yanada birlashtirib, ularning qalbida yurtga muhabbat, milliy merosga hurmat va kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamladi.
Navro‘z faqat bayram emas, balki insonni ulug‘lash, uning qalbidagi ezgulikni uyg‘otishga xizmat qiladigan buyuk qadriyatdir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari