Baliqchilik sohasida yangi bosqich: Prezident farmoni tarmoqni qanday o‘zgartiradi?
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Ana shu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim hujjatlardan biri davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hisoblanadi.
Farmon baliqchilik sohasini boshqarish tizimini tubdan yangilash, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish orqali yangi rivojlanish bosqichini boshlab bermoqda. "O‘zbekbaliqsanoat" uyushma raisi o‘rinbosari Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev bilan suhbatimiz shu xususda kechdi.
— Baliqchilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi farmonning ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.
—Bu farmonni oddiy tartibga soluvchi hujjat sifatida emas, balki baliqchilik tarmog‘ini boshqarishning yangi modelini belgilab beruvchi strategik hujjat sifatida baholash mumkin. Unda faqat baliq yetishtirish hajmini oshirish emas, balki boshqaruv, moliyalashtirish va kadrlar tayyorlash kabi butun tizim qamrab olingan.
— Farmonda 500 ming tonna baliq yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu real maqsadmi?
— Albatta, bu katta ko‘rsatkich. Ammo uning asosida ekstensiv emas, intensiv rivojlanish turibdi. Ilgari ko‘proq yangi suv havzalarini tashkil etishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endi mavjud suv resurslaridan yuqori samara bilan foydalanish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Intensiv texnologiyalar, zamonaviy oziqlantirish tizimlari, aeratsiya uskunalari va raqamli nazorat vositalari bir gektardan olinadigan hosildorlikni bir necha barobar oshirish imkonini beradi.
— Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etilishi nimani o‘zgartiradi?
—Hozirgacha sohada turli vazifalar bir nechta idora o‘rtasida taqsimlangan edi. Bu ayrim hollarda muvofiqlashtirishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Yangi markaz esa sohada yagona koordinator vazifasini bajaradi. Suv ob’ektlarini hisobga olish, investitsiyalarni jalb qilish va tahlil ishlari bir tizimga keltiriladi.
— Elektron auksion va “e-baliq” platformasi qanday ahamiyatga ega?
—Bu ikki mexanizm farmonning eng muhim yangiliklaridan hisoblanadi.
Elektron auksionlar suv ob’ektlarini ijaraga berishda ochiqlik va adolatni ta’minlaydi. “e-baliq” platformasi esa baliq yetishtirish, suv sarfi, ozuqa iste’moli, texnologiyalar va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yagona raqamli bazaga jamlaydi.
Bu ma’lumotlar asosida davlat ham, tadbirkor ham tezkor qaror qabul qila oladi. Shu bilan birga, statistikaning aniqligi va sohadagi shaffoflik sezilarli darajada oshadi.
— Farmonda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar xususida nima deysiz?
—Davlat qo‘llab-quvvatlashi kompleks shaklda tashkil etilgan. Subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, kredit kafolatlari, quyosh panellari uchun kompensatsiyalar, yopiq suv aylanma tizimlarini joriy qilishga moliyaviy yordam, naslli baliq import qilish xarajatlarini qoplash kabi choralar tadbirkorlarning investitsiya qilish ishtiyoqini oshiradi.
Eng muhimi, bu mablag‘lar ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan texnologiyalarga yo‘naltirilgan.
— Farmonda kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor berilgan. Bu qanchalik muhim?
—Zamonaviy baliqchilik faqat suv havzasiga chavoq tashlash bilan cheklanmaydi. Bugungi kunda biotexnologiya, genetika, veterinariya, suv sifati monitoringi va raqamli boshqaruvni yaxshi biladigan mutaxassislar talab etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, xorijiy universitetlar bilan qo‘shma fakultetlar tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini kuchaytirish sohaning kelajagi uchun juda muhim qaror hisoblanadi.
— Umuman olganda, mazkur farmondan qanday natijalar kutish mumkin?
—Agar farmonda belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilsa, baliqchilik O‘zbekiston agrar iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanishi mumkin.
Bu aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, import o‘rnini bosish, eksport salohiyatini oshirish, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA