Keshbek tizimi bekor qilinmaydi – Soliq qo‘mitasi
Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda keshbek tizimi bo‘yicha tarqatilayotgan turli xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Unda keshbek tizimini bekor qilish rejalashtirilmagani, aksincha, uning qonuniy va adolatli ishlashini ta’minlash maqsadida nazorat choralari kuchaytirilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, Prezidentimizning 2023-yil 5-apreldagi PQ–113-son qarori asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida imtiyozli keshbek tartibi joriy etilgan.
Unga muvofiq, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshirilgan xaridlar uchun qo‘y, mol va parranda go‘shti mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar bo‘yicha odatdagi 1 foizlik keshbek o‘rniga xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning to‘liq miqdori qaytarib berilishi belgilangan.
Biroq ayrim fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari ushbu imtiyozdan noqonuniy foydalanishga urinayotgani aniqlangan. Xususan, soxta yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fiskal cheklarni rasmiylashtirish orqali davlat byudjeti hisobidan asossiz ravishda QQS mablag‘larini qaytarib olish holatlari kuzatilmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil may oyining o‘zida respublika bo‘yicha 389 ta korxona tomonidan rasmiylashtirilgan shubhali cheklar orqali QQS qaytarib olishga uringan 248,5 ming nafar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dagi shaxs shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan. Shu munosabat bilan 83,1 milliard so‘mlik keshbek mablag‘ini to‘lash vaqtincha to‘xtatilgan. Aprel oyida esa mazkur ko‘rsatkich 122,1 ming nafar fuqaro va 102,5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Hududlar kesimida ham qator qonunbuzilishlar qayd etilgan. Jumladan, Navoiy viloyatida 13 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari orqali 105 ming 524 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,8 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari to‘liq ushlab qolingan hamda to‘lab berilmagan.
Farg‘ona viloyatida 5 ta MCHJga tegishli cheklar asosida ro‘yxatdan o‘tgan 38,3 milliard so‘mlik keshbek mablag‘idan faqat 3,9 milliard so‘mi to‘lovga tasdiqlangan, 34,4 milliard so‘mi esa ushlab qolingan.
Andijon viloyatida esa 100 ming 458 nafar fuqaro tomonidan rasmiylashtirilgan 34,1 milliard so‘mlik keshbek mablag‘idan 5,8 milliard so‘mi to‘lovga ma’qullangan, 23,8 milliard so‘mi esa to‘lab berilmagan.
Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, aniqlangan holatlar keshbek tizimining o‘zi bilan emas, balki undan noqonuniy manfaat ko‘rishga uringan shaxslar harakatlari bilan bog‘liq. Shu bois davlatning maqsadi keshbek tizimini bekor qilish emas, balki uning qonuniy, shaffof va manzilli ishlashini ta’minlashdan iborat.
Mutasaddilarning qayd etishicha, keshbek tizimi aholining chek talab qilish madaniyatini shakllantirish, soliq intizomini mustahkamlash, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan fuqarolarga «Soliq» mobil ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xarid uchun berilgan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish, boshqa shaxslarga tegishli cheklardan foydalanmaslik qat’iy tavsiya etildi.
Agar soxta cheklarni sotish yoki xarid qilish holatlariga duch kelinsa, Soliq organlarining Komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalariga belgilangan tartibda murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-son qaroriga muvofiq, boshqa shaxsga tegishli chekdan uning roziligisiz foydalangan yoki qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda keshbek olishga uringan jismoniy shaxslar shubhali xaridorlar reyestriga kiritiladi va ularga nisbatan tegishli cheklov choralari qo‘llaniladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA