Badiuzzamon Mirzo: Ma’rifat va taxt o‘rtasidagi taqdir
Alisher Navoiy “Zamon Dorosi” deya taxtga loyiq ko‘rgan, buyuk madaniy merosning vorisi bo‘laturib, taqdirning achchiq sinovlari va siyosiy girdoblar ichra saltanatini boy bergan temuriy shahzodaning taqdiri nafaqat bir inson, balki davlatchilikning murakkab saboqlari haqida fikr yuritishga undaydi.
Buyuk saltanatlar tarixi ko‘pincha ularning eng so‘nggi, murakkab va sinovli davri vakillari taqdirida yaqqol namoyon bo‘ladi. Tarix sahnasiga so‘nggilardan bo‘lib chiqqan bunday shaxslar o‘zlaridan oldingi avlodlarning yutuqlari mevasidan bahramand bo‘lsalar-da, ayni paytda ular to‘planib qolgan muammolar va ichki ziddiyatlarning og‘ir yukini ham yelkalariga olishga majbur bo‘ladilar. Xuroson diyorida XV asr oxiri va XVI asr boshlaridagi murakkab davrda yashagan temuriy shahzoda Badiuzzamon Mirzoning hayot yo‘li ana shunday murakkab taqdirning yorqin ifodasidir. U temuriylar uyg‘onish davrining so‘nggi nafasini o‘zida mujassam etgan, ammo ayni paytda butun bir saltanatning ichki zaiflik va parokandalik tufayli qanday sinovlarga duch kelishini ko‘rsatib bergan jonli timsoldir.
Hirot ufqidagi yulduz
XV asrning ikkinchi yarmida Hirot nafaqat temuriylar saltanatining, balki butun Sharqning gullab-yashnagan ilm-fan va san’at markazlaridan biriga aylangan edi. Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida bu shahar o‘zining yukalish pallasini boshdan kechirardi. Shahar ko‘chalarida jahonning turli burchaklaridan kelgan olimlar, xattotlar, musavvirlar, me’morlar va shoirlarning qadami uzilmasdi. Kamoliddin Behzoddek mo‘yqalam sohibi o‘zining betakror miniatyuralari bilan tasviriy san’atda yangi davrni boshlab bergan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi so‘z zargarlari nazm va nasr osmonini charog‘on etgan edi.
Aynan shunday yuksak ma’naviy muhitda Sulton Husayn Boyqaroning to‘ng‘ich o‘g‘li va valiahdi Badiuzzamon Mirzo (1458–1515) dunyoga keldi. Uning onasi Marv hokimi Sanjar Mirzoning qizi Beka Sulton begim bo‘lib, shahzoda naslida temuriylar va undan avvalgi hukmdorlar sulolalarining qoni oqardi. Boshidanoq unga nafaqat taxt vorisi, balki buyuk madaniy an’analarning davomchisi sifatida ham katta umidlar bog‘landi. O‘z davrining buyuk mutafakkiri, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning shahzodaga bo‘lgan munosabati bu umidlarning naqadar yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.
Navoiy o‘z asarlarida Badiuzzamonni deyarli mukammal hukmdor siymosi sifatida tasvirlaydi. “Majolis un-nafois”da uning “husni surat va husni siyrat bila orosta” (go‘zal qiyofa va go‘zal xulq bilan bezangan) ekanini, jang maydonida mahoratli, bazmda esa saxovatpesha ekanini alohida ta’kidlaydi. Ulug‘ shoir uchun shahzoda shunchaki taxt vorisi emas, balki temuriylar saltanatining kelajagi, adolat va ma’rifat tantanasining garovi edi. Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlarida Badiuzzamonni “Asr badiiysi” (Zamonning nodir insoni) va “Zamon Dorosi” kabi yuksak unvonlar bilan ulug‘laydi. Bu badiiy tashbehlar zamirida katta siyosiy-falsafiy mazmun yotadi: Navoiy temuriylar davlatining kelajagini aynan Badiuzzamon kabi odil, ma’rifatli va kuchli hukmdor timsolida ko‘rgan.
Saltanat poydevoridagi darz
Temuriylarning asosiy zaif nuqtalaridan biri taxt vorisligi masalasida aniq va mustahkam tartibning yo‘qligi edi. Amir Temur asos solgan an’anaga ko‘ra, saltanat hukmdorning o‘g‘illari o‘rtasida uluslarga, ya’ni mulklarga taqsimlanardi. Bu “ulus tizimi” yoki “mulk taqsimoti” deb nomlangan tartib dastlab saltanatning ulkan hududlarini boshqarishni osonlashtirish va shahzodalarga hokimiyat tajribasini o‘rgatishga qaratilgan edi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan bu tizim davlatning markazlashgan tuzilmasiga raxna soluvchi asosiy omilga aylandi. Har bir shahzoda o‘ziga tegishli viloyatni deyarli mustaqil boshqarar, o‘zining qo‘shini, xazinasi va saroy a’yonlariga ega bo‘lardi. Bu esa markaziy hokimiyat zaiflashishi bilanoq, ularning mustaqillikka intilishi yoki hatto taxt uchun kurash boshlashiga zamin yaratardi.
Badiuzzamon Mirzoning taqdiri ham aynan shu mulk taqsimoti tizimining qurboni bo‘ldi. Sulton Husayn Boyqaro keksaygani sari o‘g‘illari va saroy amirlarining ta’siriga ko‘proq tushib, ba’zan bir-biriga zid qarorlar chiqara boshladi. Buning eng ayanchli namunasi Astrobod viloyati bilan bog‘liq mojarodir. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida yozishicha, Husayn Boyqaro avvaliga Balxni Badiuzzamonga berib, uning avvalgi mulki – Astrobodni esa boshqa o‘g‘li Muzaffar Husaynga topshiradi. Bu qaror Badiuzzamonning keskin noroziligiga sabab bo‘ladi, chunki podshoh avvalroq bu viloyatni uning o‘g‘li Muhammad Mo‘min Mirzoga in’om qilgan edi.
Ota va o‘g‘il mojarosi
Astrobod mojarosi shunchaki bir viloyat uchun kurash emasdi. Bu – temuriylar saltanatidagi ikki xil qarashning to‘qnashuvi edi: bir tomonda markaziy hokimiyatni saqlab qolishga urinayotgan keksa hukmdor, ikkinchi tomonda esa o‘z haq-huquqlarini va meros tartibini himoya qilayotgan valiahd. Araz va norozilik tez orada ochiq isyonga aylandi. Ota va o‘g‘il qo‘shinlari bir-biriga qarshi saf tortdi. Bu ichki urush saltanatning eng sara kuchlarini muhorabaga tortib, uni yanada zaiflashtirdi.
1497-yilda Puli Chirog‘ darasidagi hal qiluvchi jangda Badiuzzamon Mirzo otasining qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchradi. Xuddi shu vaqtda uning ukasi Muzaffar Husayn Mirzo Astrobod yaqinida Badiuzzamonning o‘g‘li, yosh shahzoda Muhammad Mo‘min Mirzoni yengib, uni asirga oldi. Keyinchalik Husayn Boyqaroning buyrug‘i bilan bu yosh shahzoda qatl ettirildi. Bu voqea Badiuzzamon uchun og‘ir zarba bo‘ldi. O‘z o‘g‘lidan ayrilgan va mag‘lubiyat alamini tortgan shahzoda qolgan-qutgan lashkari bilan avval Qunduzga, so‘ngra sobiq temuriy sarkardasi, endilikda mustaqil hukmdorga aylangan Xusravshoh panohiga qochdi.
Bu voqealar XV asr Angliyasidagi “Atirgullar urushi”ni yodga soladi. Unda ham taxt uchun bir sulolaning ikki tarmog‘i (Lankasterlar va Yorklar) o‘zaro qonli kurash olib borib, mamlakatni holdan toydirgan va oqibatda butunlay yangi – Tyudorlar sulolasining hokimiyatga kelishiga yo‘l ochib bergan edi. Xurosonda ham xuddi shunday, ichki kurashlar saltanatni shimoldan kelayotgan yangi va birlashgan kuch – Shayboniylar oldida nihoyatda zaiflashtirib qo‘ydi.
Uzoq vaqt davom etgan urush va vaqti-vaqti bilan yuz bergan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng, nihoyat, 1505-yilda ota va o‘g‘il yarashdi. Bu yarashuvga, katta ehtimol bilan, shimoldan tobora kuchayib kelayotgan Shayboniyxon xavfi sabab bo‘lgan. Keksayib qolgan va saltanatning parokandaligidan tashvishga tushgan Husayn Boyqaro eng qobiliyatli, garchi isyonkor bo‘lsa-da, to‘ng‘ich o‘g‘lini yana o‘z yoniga chaqirishga majbur bo‘ldi. Badiuzzamon Hirotga qaytib, otasining xizmatiga kirdi. Ammo bu kechikkan yarashuv edi.
Ufqdagi bo‘ron va qo‘shhokimlik
1506-yilda Sulton Husayn Boyqaro vafot etgach, Xuroson taxtiga bir vaqtning o‘zida ikki hukmdor – Badiuzzamon Mirzo va uning sobiq raqibi, ukasi Muzaffar Husayn Mirzo o‘tirdi. Bu tarixda kam uchraydigan “qo‘shhokimlik” ham temuriylar davlatidagi siyosiy inqirozning chuqurlashganidan va markaziy hokimiyat uchun kurashayotgan guruhlar o‘rtasida murosaga kelishilganidan dalolat berardi. Aka-uka bir-biriga ishonmas, lekin tashqi xavf oldida vaqtincha birlashishga majbur edilar.
Aynan shu paytda shimoldan Shayboniyxon boshchiligidagi kuchlarning asosiy zarbasi berildi. Temuriy shahzodalar, jumladan Movarounnahrdan siqib chiqarilgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham birlashishga urindilar. Biroq, o‘zaro ishonchsizlik, harakatlardagi sustlik va yagona qo‘mondonlikning yo‘qligi sababli bu ittifoq samara bermadi. Shahzodalar qo‘shin to‘plab, bir-birini kutib, qimmatli vaqtni yo‘qotgan bir paytda Shayboniyxon tezkorlik bilan harakat qilib, Balxni egalladi.
1507-yil bahorida Shayboniyxon butun kuchini to‘plab, Xurosonning yuragi – Hirotga hal qiluvchi yurishni boshladi. Poytaxtda vahima boshlandi. Badiuzzamon va Muzaffar Husayn jiddiy mudofaa tashkil eta olmasdan, shaharni taqdir hukmiga tashlab, qochishga majbur bo‘ldilar. Shu tariqa, bir yarim asr davomida Markaziy Osiyoning ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lib kelgan Hirot deyarli jangsiz taslim bo‘ldi.
Quvg‘inlik va ma’naviy meros
Badiuzzamon Mirzo avval Eronda, Shoh Ismoil Safaviy huzuridan panoh topdi. Bir necha yildan so‘ng, Safaviylar va Usmonlilar o‘rtasidagi Choldiron jangidan keyin u Usmonlilar sultoni Salim I tomonidan Istanbulga olib ketildi. Bir vaqtlar Xuroson taxtiga umid bog‘lagan, Navoiy kabi daholar tomonidan ulug‘langan shahzoda o‘z umrining so‘nggi kunlarini begona yurtda, siyosiy o‘yinlarning garovi sifatida o‘tkazdi. U 1515-yili Istanbulda tarqalgan vabo kasalligidan vafot etdi va shu yerda dafn qilindi.
Badiuzzamon Mirzoning taqdiri, bir qarashda, mag‘lubiyat va yo‘qotishlar bilan to‘la fojiali bir qissadek tuyuladi. U saltanatni saqlab qola olmadi, taxtni boy berdi va vatanidan yiroqda vafot etdi. Biroq, uning hayot yo‘liga chuqurroq nazar tashlansa, ijobiy va ibratli jihatlarni ham ko‘rish mumkin.
Badiuzzamon Mirzo – siyosiy bo‘hronlar va urushlar davrida ham ma’rifat va madaniyat mash’alasini baland ko‘tarishga uringan hukmdor timsolidir. U otasi bilan nizolashib yurgan eng og‘ir damlarda ham, Qandahor va Balxda hokimlik qilgan paytlarda ham o‘z atrofiga olimlar va shoirlarni to‘plashni kanda qilmadi. Uning saroyi har doim ilm-fan va san’at ahli uchun ochiq bo‘lgan. Bu uning shaxsida siyosatchidan ko‘ra ko‘proq ma’rifatparvar inson ustunlik qilganidan dalolat beradi.
Ikkinchidan, uning fojiasi davlatchilikda ichki birlik va hamjihatlikning naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatib bergan tarixiy saboqdir. Temuriy shahzodalarning o‘zaro nizolari butun bir saltanatning halokatiga sabab bo‘ldi. Bu achchiq tajriba keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur kabi hukmdorlar uchun Hindistonda yangi, markazlashgan davlat tuzishda muhim saboq bo‘lib xizmat qildi. Bobur o‘z “Boburnoma”sida temuriylarning xatolarini bir necha bor tilga olib, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga uringani bejiz emas.
Nihoyat, Badiuzzamon Mirzo va uning davri temuriylar uyg‘onishining buyuk madaniy merosi siyosiy inqirozlarga qaramay, yashab qolishi va hatto yangi hududlarga tarqalishi mumkinligining isbotidir. Hirot qulagan bo‘lsa-da, uning ma’naviy xazinasi – Behzodning shogirdlari, Navoiy va Jomiy an’analarini davom ettirgan shoirlar, mohir xattotlar va olimlar Safaviylar Eroni, Usmonlilar Turkiyasi va Boburiylar Hindistoniga tarqalib, u yerlardagi madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar. Shu ma’noda, Badiuzzamon Mirzo kabi ma’rifatli kishilarning homiyligida yaratilgan bu meros, garchi saltanat qulagan bo‘lsa-da, o‘z umrini davom ettirdi. Uning taqdiri bizga siyosiy hokimiyat o‘tkinchi, ammo ma’naviyat va madaniyat boqiy ekanligini eslatib turadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA