Voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi: muammolar va yechimlar
So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar global axborot makonining ajralmas qismiga aylanib, ayniqsa yoshlar o‘rtasida faol qo‘llanilmoqda. Raqamli texnologiyalarning ommalashuvi natijasida axborot almashinuvi tezlashdi, biroq bu jarayon axborot xavfsizligi, yoshlarning ongiga ta’sir ko‘rsatuvchi kontent va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq qator muammolarni ham yuzaga keltirdi.
Internet foydalanuvchilari va qamrovning kengayishi bilan mos ravishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar sonining ham o‘sib borish tendensiyasi kuzatilmoqda.
“Datareportal” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzidagi internet foydalanuvchilari 2022 yil boshida 4,95 mlrd (global internet qamrovining 62,5 %)ni tashqil qilgan bo‘lsa, 2026 yilda 6,12 mlrd (73,8 %)ga yetgan. Mos ravishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 2022 yil boshida 4,62 mlrddan 2026 yilda 5,66 mlrd (67,7 %)ga ko‘paygan.
2022 yil boshida ijtimoiy tarmoqlar uchun foydalanuvchilar tomonidan sarflanadigan vaqt o‘rtacha 2 soat 27 daqiqani tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib, 2 soat 50 daqiqaga yetgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, internetdan foydalanuvchilarning 82%ni 15-24 yoshdagiлаr tashkil etmoqda.
Internet Matters ma’lumotlariga ko‘ra, 11-16 ёшdagi bolalarning 13 % ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining kanal va bloglariga egalar.
Dunyo bo‘ylab 12-17 ёшdagi o‘smirlar bir kunda o‘rtacha 4 soatdan ko‘proq vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgan bo‘lsalar, 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar bir kunda kamida 14 daqiqa o‘z vaqtlarini TikTok, Instagram va YouTubeda o‘tkazmoqda.
Internet qamrovining kengayishi, mobil aloqa xizmatlari narxining arzonlashishi hamda smartfonlarning ommaviylashuvi natijasida aholining barcha qatlamlari, bolalar va o‘smirlar ham raqamli muhitning faol ishtirokchisiga aylanayotganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko‘rsatkichlari izchil o‘sib bormoqda. DataReportal (Digital 2024: Uzbekistan) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yil boshida internetdan foydalanuvchilar 24,1 mln, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar 6,2 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil 1 yanvar holatiga internet foydalanuvchilari 31,1 mln, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 14,1 mlnga yetgan.
Tahlillar, internetdan foydalanuvchilar, ularga mos ravishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimining nazoratsizligi turli xavf-xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Pew Research Center tadqiqotiga ko‘ra, o‘smirlarning 46 foizi internetda zararli yoki yoshga mos bo‘lmagan kontentga duch kelganini bildirgan. UNICEF hisobotlarida esa bolalarning onlayn muhitdagi xavfsizligi, jumladan, kiberbulling, shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi va psixologik bosim holatlari asosiy muammolardan biri sifatida qayd etilgan.
Xorijiy davlatlar bu borada aniq huquqiy va institutsional mexanizmlarni joriy etmoqda. Masalan, Fransiyada qabul qilingan qonunchilikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarni ota-ona roziligisiz ro‘yxatdan o‘tkazmasligi shart. Avstraliyada esa “Online Safety Act” doirasida bolalarni zararli kontentdan himoya qilish bo‘yicha qat’iy talablar belgilangan. Buyuk Britaniyada “Online Safety Bill” orqali internet platformalar zimmasiga foydalanuvchilar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlar yuklatilgan.
Ispaniyada ham bolalar va o‘smirlarning raqamli muhitdagi huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida strategiya amalga oshirilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarida ham ushbu yo‘nalishda islohotlar boshlangan. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda internet kontentni tartibga solish, yoshlarni zararli axborotdan himoya qilish bo‘yicha qonunchilik takomillashtirilmoqda. O‘zbekistonda esa “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi va “Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar doirasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shuningdek, axborot makonida milliy kontentni rivojlantirish va yoshlarni media savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutsa-da, ulardan samarali va xavfsiz foydalanishni ta’minlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu borada davlat, jamiyat va oila hamkorligida kompleks yondashuvni shakllantirish, yoshlarning raqamli madaniyatini oshirish va aniq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Abdullalatif Raxmanov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Namangan viloyati hududiy bo‘limi mutahassisi