Badiiy ta’limda imtihonlar boshlandi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida 2026–2027 o‘quv yili qabuli doirasida kasbiy (ijodiy) imtihonlarga start berildi.
Imtihon jarayonlariga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov tashrif buyurib, abituriyentlarning kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirish jarayoni hamda imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlar va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan kuzatuv tizimi, institut hududida o‘rnatilgan onlayn translyatsiya ekranlari hamda institutning rasmiy veb-sayti orqali yo‘lga qo‘yilgan jonli efir jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

Ma’lumot uchun, institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni amaldagi me’yoriy talablar asosida, xolislik, shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Jumladan, institut hududida ota-onalar va kuzatuvchilar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi maxsus translyatsiya ekranlari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali imtihon jarayonlari onlayn namoyish etilmoqda.

Bundan tashqari, kasbiy (ijodiy) imtihonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida jarayonlarni institutning rasmiy veb-sayti orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda kuzatish imkoniyati yaratilgan.
G.Boboyeva, O‘zA