Badiiy sohada yangi o‘quv qo‘llanmalari taqdim etildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida tizimdagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlari uchun 2024-yilda chop etilgan zamonaviy o‘quv adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘quv qo‘llanmalarni yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan mualliflar, taqrizchilar, nashriyot xodimlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda Ilmiy-metodik kengash a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2020-yil 21-apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimizda mavjud badiiy ta’lim yo‘nalishidagi milliy uslublar, ishlash texnikasi va metodikani kelajak avlodga to‘g‘ri yetkazish va ularni saqlab qolish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida o‘quv dasturlar mazmuni to‘liq qayta ko‘rilib, davlat ta’lim talablari asosida takomillashtirildi hamda yetuk soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘quv adabiyotlar yaratildi.
Mazkur tashabbus ilk bor 2022-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar jami 40 nomdagi o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi. Bu esa yurtimizda badiiy ta’lim sohasida tizimli va izchil islohotlar amalga oshirilayotganining yaqqol ifodasidir.

Taqdimotda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda badiiy ta’lim tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilayotgan zamonaviy o‘quv adabiyotlar hamda ularning yosh avlodni shakllantirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
U o‘z nutqida mazkur o‘quv qo‘llanmalar faqatgina nazariy bilim manbai emas, balki o‘quvchilarda ijodiy fikrlash, milliy san’at an’analariga hurmat va amaliy ko‘nikmalarni shakllantiruvchi muhim metodik asos ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqan mualliflar va mutaxassislar yangi o‘quv adabiyotlarining mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda ta’lim jarayonidagi o‘rni yuzasidan fikr bildirdi. O‘rtaga tashlangan taklif va mulohazalar kelgusidagi ishlarni yanada takomillashtirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur loyihani amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan faol xodimlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi tomonidan diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA