Badiiy gimnastika: “Yorqin yulduzcha” xalqaro turniri davom etmoqda
Bugun, 6-aprel kuni poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha davom etayotgan “Yorqin yulduzcha” xalqaro turnirining ko‘pkurash dasturi alohida yo‘nalishlari bo‘yicha final musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
10 ta mamlakatning mahoratli gimnastikachilari ishtirokida o‘tayotgan turnirning ilk kungi bahslarida Senila Savinova to‘p bilan mashq dasturida oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, o‘zbekistonlik Leysan Kuzmenko 2-o‘rinni, "Mustaqil sportchilar jamoasi-1" a’zosi Kseniya Bandarenko 3-o‘ringa ega chiqdi.
[gallery-28568]
Halqa bilan mashq dasturida oltin va kumush medallar "Mustaqil sportchilar jamoasi-2" vakillariga nasib etgan vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anora Mamajonova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, kechagi saralash musobaqalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 32 nafar sportchi-qizlar bugun halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq dasturlarida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Final bosqichlariga yo‘l olgan sportchilar Germaniya, Tailand, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Rossiya va Belarus atletlarini jamlagan Mustaqil sportchilar jamoalari a’zolari hisoblanadi.
Ertaga, 7-apreldan Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogining navbatdagi bosqichi boshlanadi. Dunyoning eng mahoratli gimnastikachilari ishtirokida kechadigan jahon kubogi musobaqalari 13-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA