Ayrim xizmat turlari arzonlashdi, ayrimlarida sezilarli o‘sish kuzatildi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yil mart oyida xizmatlar sohasida narxlar dinamikasi turlicha shakllandi. Ayrim xizmat turlari arzonlashgan bo‘lsa, ayrimlarida sezilarli o‘sish kuzatildi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yillik hisobda ichki yo‘lovchi havo transporti xizmatlari 10,9 foizga arzonlashgan. Shuningdek, pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash 6,7 foizga, xalqaro yo‘lovchi havo transporti xizmatlari 5,5 foizga kamaygan. Nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish narxi 0,5 foizga pasaygan bo‘lsa, mikromoliyaviy xizmatlar narxi 0,02 foizga arzonlashgan.
Ayrim xizmat turlarida esa narxlar sezilarli darajada oshgan. Xususan, shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash xizmati 281,8 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, trolleybusda yo‘l haqi 100 foizga oshgan. Tarmoq gaz xizmatlari 39,2 foiz, haydovchilik kurslari 35,8 foiz va sovuq suv ta’minoti 35,1 foizga qimmatlashgan.
Umuman olganda, iste’mol narxlari indeksi savatiga kiritilgan 98 turdagi xizmatdan 68 tasida, ya’ni 69 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past darajada qayd etilgan.
Xizmatlar sohasidagi mazkur o‘zgarishlar tariflarni qayta ko‘rib chiqish, xizmat ko‘rsatish xarajatlari va bozordagi talab-taklif omillari bilan bog‘liq.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA