Ayollar va oilalar farovonligiga oid dolzarb masalalar muhokama etildi
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman va shaharlar darajasidagi mas’ul rahbarlar ishtirok etdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish avvalida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va 2026-yil Davlat dasturi ijrosi doirasida hududlarda olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, davlat dasturlarida belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosini quyi bo‘g‘ingacha samarali yetkazish, har bir hudud kesimida aniq natijadorlikka erishish bugungi kunning eng muhim talablaridan biri hisoblanadi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama markazida bo‘ldi.
Xususan, erta va qonuniy nikohni rasmiylashtirmasdan turmush qurish holatlarining oldini olish, nikohning optimal yoshi — 21 yoshning afzalliklarini xalqchil va ta’sirchan shakllarda keng targ‘ib etish, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, “Oila profili” moduli faoliyatini yanada takomillashtirish, nizolarni barvaqt aniqlash va oilani barqarorlashtirish orqali oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan hududlar kesimidagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Bu borada tizimli yondashuvni kuchaytirish, kunlik nazoratni amalga oshirish, mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazishni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda har bir murojaat va holat bilan individual ishlash zarurligi ta’kidlandi.
– Har bir rahbar o‘z hududida xotin-qizlar va oilalar bilan ishlashni kundalik faoliyatning eng muhim mezoni deb bilishi kerak, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova.– Natija bor joyda ishonch, ishonch bor joyda esa taraqqiyot bo‘ladi
Kun tartibidagi navbatdagi muhim masala xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, xususan, jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 81 ta mahallada olib borilayotgan profilaktik ishlar tahliliga bag‘ishlandi.
“E-ijtimoiy profilaktika” tizimi bilan ishlash, voyaga yetmagan qizlarning bedarak ketishining oldini olish, xotin-qizlar bilan bog‘liq salbiy holatlarni erta aniqlash va bartaraf etish borasidagi amaliy choralarga alohida urg‘u berildi.
Mas’ullar tomonidan bu yo‘nalishdagi faoliyatni kuchaytirish, profilaktika samaradorligini oshirish va hududlarda mas’uliyatni yanada mustahkamlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi murojaatining mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib etish, undan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni har bir mahallada to‘liq hajmda ijrosini tashkil etish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, bandligini qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, ilm-fan, ta’lim, tadbirkorlik va boshqaruvdagi faolligini kengaytirish bo‘yicha oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda kelayotgan Ramazon hayiti hamda Navro‘z ayyomini munosib nishonlash, respublikamiz bo‘ylab tashkil etiladigan umumxalq hasharlarida faol ishtirok etish, hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, yangi ko‘chatlar ekish hamda “Ayollar bog‘i”ni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bu boradagi ishlarni mahallalar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va keng jamoatchilik ishtirokida uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga belgilangan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash, har bir hududda manzilli, tizimli va natijador ishlarni yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar va bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda joylarda amaliy natija beradigan tashabbuslarni kengaytirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri